20.02.2024
Biz kundalik hayotimizda kvarsdan doimiy foydalanamiz, ammo buning kvars ekani haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. U juda keng tarqalgan va ko‘p qoʻllaniladi.
Kvars — silikatlar sinfiga mansub eng ko‘p tarqalgan jins hosil qiluvchi mineral. Kimyoviy formulasi — SiO2. Kvars chaqmoqli yer (chaqmoqtosh) deb ham ataladi. U kremniy va kisloroddan iborat boʻlib, poʻlatdan ogʻir va shishadan ham tiniqroq.
Aralashmalarsiz kvars rangsiz yoki oq rangga ega. Turli xil qoʻshimchalar unga qizgʻish, jigarrang, yashil, moviy, koʻk va hatto qoramtir tus beradi. Baʼzida kvars oʻtkir uchlari boʻlgan olti burchakli katta shaffof kristallar shaklida ham bo‘ladi. U “togʻ billuri” deb nomlanadi.
Togʻlarning aksariyati kvarsdan tashkil topgan. Qumtosh birlashtiruvchi aralashma yordamida birikkan kvars zarralaridan iborat. Granitda ham kvars mavjud. Oq qumlar aslida sof kvarslardir. Oddiy qumning asosi ham kvars. Shuningdek, yarim qimmatbaho toshlarning ko‘pi turli aralashmalar tufayli boʻyalgan kvars hisoblanadi. Masalan, agat, ametist, oniks.
Shisha va optik jihozlarni ishlab chiqarishda kvars ishlatiladi. Uning yupqa plastinkalari radioda kerakli toʻlqinni sozlash uchun kerak bo‘ladi. Agar kvarsni qattiq qizdirsak, eruvchan kvarsga ega boʻlamiz. Bu juda zarur mahsulot. U yuqori erish haroratiga ega — 1710 °C, juda yomon siqilib, kengayadi va shishadan ham shaffofroq bo‘ladi.
Bunday material laboratoriyalar uchun juda muhim. Eruvchan kvarsdan tayyorlangan likopcha choʻgʻdek qizdirilgandan keyin ham suvga botirsak, unga hech narsa boʻlmaydi.
Kvars yorugʻlik va issiqlik nurlarini yaxshi oʻtkazadi. U oddiy shisha tomonidan ushlab qolinadigan hayotbaxsh ultrabinafsha nurlarining oʻtishiga imkon bergani tufayli ayrim sihatgohlarda tomlar eruvchan kvarsdan yasaladi. Shuningdek, undan tibbiyotda ishlatiladigan maxsus kvars lampalari ham tayyorlanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.