Qimmatbaho toshlar nima?
Qanday qimmatbaho toshlarni bilasiz? Qimmatbaho toshlar nima?
3 min
Bu nima?

Qimmatbaho toshlar odamlarni doimo hayratga solib kelgan. Ming yillar davomida odamlar oʻzini kasallik va yovuz ruhlardan himoya qilish maqsadida ulardan tumor sifatida foydalangan. Baʼzi toshlar yordamida ularning egasi kelajakni bashorat qila oladi deb hisoblashgan. Boshqa bir toshlar esa goʻyoki gumon qilinuvchining aybdor yoki aybsiz ekanini aniqlashga imkon bergan.

Qadimgi davrlarda qimmatbaho toshlar faqat rangiga koʻra farqlangan. Qizil rangdagi toshlarni yoqut deb atashgan. Barcha yashil toshlar zumrad, koʻk toshlar esa sapfir deb nomlangan.

Keyinchalik baʼzi toshlar boshqalariga qaraganda mustahkamroq va chidamliroq ekani maʼlum boʻldi. Shuningdek, qimmatbaho toshlarning narxi nafaqat rangi, yaltiroqligi va noyobligi, balki ularning mustahkamligiga ham bogʻliqligi aniq boʻldi. Masalan, bugungi kunda olmoslar eng qimmat tosh hisoblanadi, chunki ular goʻzalligidan tashqari, boshqa toshlarga nisbatan eng yuqori mustahkamlikka ega.

Barcha chaqnoq toshlar qimmatbaho toshlar deb ataladi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, faqat toʻrtta eng qimmat tosh: olmos, yoqut, zumrad va sapfirni qimmatbaho tosh deb hisoblash mumkin. Boshqalari yarim qimmatbaho toshlar sanaladi, ular: opal, ametist, topaz. Koʻplab qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar bir-biri bilan chambarchas bogʻliq.

Qimmatbaho toshlarning eng qimmati boʻlgan olmos tuzilishi jihatidan eng soddasidir. U bitta kimyoviy element — sof ugleroddan iborat. Yoqut va sapfir “korundlar”ga (oksidlar sinfiga mansub mineral) oid. Korundda oz miqdorda temir borligi sababli yoqutlar karmin (qizgʻish) rangga ega. Turli xil oksidlarning mavjudligi sapfirlarga koʻk va moviy ranglarning o‘zgacha tuslarini beradi.

Koʻpgina qimmatbaho toshlar silikatlarning turli birikmalaridan iborat. Topaz va turmalin ham granat (yoqut) va jadeitlar singari silikatlar oilasiga mansub. Ayrim arzonroq chaqnoq toshlar sof kremniy dioksididan tashkil topgan kvars guruhiga kiradi. Ular orasida ametist ham bor. Opal tarkibida 5–10 foiz suv boʻlgan kremniy dioksidi hisoblanadi. Aytgancha, opalni oʻz egasiga baxtsizlik keltiruvchi oz sonli qimmatbaho toshlardan biri deb hisoblashadi.

Hozirgi vaqtda sunʼiy chaqnoq toshlarni yaratish uchun ilk qadamlar tashlanmoqda. Ular orasida olmos, zumrad, yoqut va sapfirlar bor. Bular soxta emas, haqiqatan ham tabiiy toshlar boʻlib, faqat laboratoriyalarda yaratiladi.

Bu qiziq!

Qizil olmos — o‘z oilasining eng qimmatbaho vakili hamda dunyodagi eng qimmatbaho tosh. Insoniyatning butun tarixi davomida ushbu mineralning bor-yo‘g‘i bir nechta nusxasi topilgan va ularning ko‘pchiligi juda kichik — 0,5 karatdan ham kamroq vaznga ega. Rangli olmoslarning yagona koni Avstraliyaning Argayl konida joylashgan, u yerda har yili bunday toshlardan sanoqli miqdorda qazib olinadi. 

O‘ylaymizki, ushbu maqolani o‘qigandan so‘ng do‘stlaringizga olmos yagona qimmatbaho tosh emasligi, dunyoda undan boshqa qimmatbaho toshlar ham borligi, ko‘plab kimoshdi savdolarida badavlat kishilar ularning faqat chiroyiga qarab emas, mustahkamliligiga ham qarab sotib olishlari haqida aytib bera olasiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!