20.02.2024
To‘g‘ri topdingiz! Biz maktabda har kuni yozuv taxtasiga yozish uchun foydalaniladigan bo‘r haqida gapiryapmiz. Hayoti davomida bir marta bo‘lsa ham boʻrga duch kelmagan odam boʻlmasa kerak. Oʻqituvchi boʻrsiz nima qilgan bo‘lar edi?
Dastavval boʻr hayvon boʻlganini bilasizmi? Okean suvlarida juda mayda oʻsimlik va hayvonlarning har xil turlari yashaydi. Ulardan biri ohakli qobiqqa ega boʻlgan “foraminifera” deb ataladigan bir hujayrali mavjudotdir. Ular nobud boʻlgach, okean tubiga choʻkadi. Vaqt oʻtishi bilan bu qobiqlardan qalin qatlam hosil boʻladi. Albatta, bu millionlab yillar davomida sodir boʻladi va asta-sekin ushbu qatlam qattiqlashib, biz boʻr deb ataydigan yumshoq ohaktoshga aylanadi.
Yerdagi turli oʻzgarishlar oqibatida dengiz tubi vaqt oʻtib, quruqlikka aylanganidan xabarimiz bor. Bu La-Mansh boʻgʻozi hududi bilan ham sodir boʻlgan. Dengiz tubida joylashgan boʻr qatlamlari quruqlikka koʻtarilgan. Eng yumshoq joylari suv bilan yuvilib, faqat baland boʻr qoyalari qolgan. Eng taniqli bo‘r qoyalari ingliz tomonda Duvr va fransuz tomonda Dyepp shaharlari yonida joylashgan.
Dunyoning turli mintaqalarida boʻr dengizdan uzoqda, bir vaqtlar dengiz boʻlgan hududlarda joylashgan. Bunga AQShning Kanzas, Arkanzas va Texas shtatlari misol boʻla oladi. Ammo eng yaxshi tabiiy boʻr Angliyada olinadi.
Yuz yillar davomida odamlar boʻrdan turli maqsadlarda foydalanib kelgan. Biz sinfda ishlatadigan boʻr uvalanmasligi uchun unga bogʻlovchi aralashmalar qoʻshiladi. Eng yaxshi maktab boʻrining tarkibi 95 foiz boʻrdan iborat bo‘ladi. Turli boʻyoqlar qoʻshib, har qanday rangdagi boʻrni hosil qilish mumkin.
Purkash, yuvish va filtrlashdan soʻng boʻrdan zamazka, boʻyoq, dori-darmon, qogʻoz, tish pastasi va turli kukunlarga qoʻshish uchun ishlatiladigan oq kukun olinadi.
Maktabda o‘rtoqlaringizga bo‘r dastlab okean tubida yashovchi hayvon bo‘lgan deb ko‘ring-chi, ishonisharmikan? Ishontira olmasangiz, ushbu maqolani o‘qib chiqishni tavsiya qiling.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.