Daraxtlar qanday o‘sadi?

Barcha tirik mavjudotlar singari daraxtlar oʻsishi uchun ham oziqlanish talab etiladi. Daraxt qanday oziqlanadi?

Oʻsimlik tuproqdan suv va mineral tuzlar, havodan esa karbonat angidrid oladi. Uning yashil barglari quyosh energiyasini kraxmal¹, shakar va sellyulozaga² aylantiradi. Shu tariqa daraxt oʻsishi va rivojlanishini taʼminlaydigan kimyoviy jarayon sodir boʻladi.

Yogʻoch va daraxt poʻstlogʻi oʻrtasida “kambiy” deb ataladigan yupqa hujayralar qatlami mavjud. Bu qatlamda yangi hujayralar paydo boʻladi. Kambiyning ichki qismida paydo boʻlganlar yogʻoch, tashqisidagilari esa qobiq hosil qiladi. Shu sababli yoshi ulgʻaygan sari daraxt diametri ortadi.

Daraxtning diametri doimiy ravishda oʻsib boradi, ammo bu qobiq bilan sodir boʻlmaydi. Koʻpincha u yorilib, nobud boʻladi va ajralib tushadi.

Daraxt eniga boʻlgani kabi yuqoriga qarab ham oʻsadi. Har bir novdaning uchida tirik hujayralar mavjud. Faol oʻsish davrida bu hujayralar boʻlinib, tobora koʻproq hujayralarni hosil qiladi. Ular kattalashib, yangi barglar hosil qiladi, shuningdek, novdalarning oʻzi ham kattalashadi. Novdalar shu tariqa oʻsadi.

Vaqt oʻtishi bilan shoxlar uchidagi hujayralar faolligi kamayadi va novdalarning oʻsishi sekinlashadi. Bu yangi hujayralar tangachalarga oʻxshab qattiqlashib, asta-sekin kurtakka aylanadi. Bu kurtaklarni qishda osongina aniqlash mumkin.

Bahorda kurtak tangachalari ochilib toʻkiladi va novda yana oʻsishni boshlaydi. Koʻrib turganingizdek, kambiy qatlami va novdalar uchidagi hujayralar daraxtning eniga hamda boʻyiga yillik oʻsishiga yordam beradi.

Daraxtning kesimida ketma-ket joylashgan och rangli va qoramtir chiziqlarni koʻrish mumkin. Turli xil ranglar yogʻochni tashkil etuvchi hujayralarning bir xil oʻlchamga ega emasligini koʻrsatadi. Och rangli chiziqlar bahor va yozning boshlarida hosil boʻlgan katta hujayralardan iborat. Toʻq rangli chiziqlar yoz oxirida hosil boʻlgan va juda zich joylashgan kichikroq hujayralardan iborat. Ularning kattaligiga qarab bir yilda hosil boʻlgan yogʻoch hajmini aniqlash mumkin. Halqalar soni esa daraxtning yoshiga teng boʻladi.


[1] Kraxmal — o‘simliklarda fotosintez natijasida hosil bo‘ladigan uglevod.
[2] Sellyuloza — glyukoza qoldig‘idan hosil bo‘lib, o‘simlik hujayralari qobig‘ining asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan yuqori molekulali birikma.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!