Dengiz suvo‘tlari qanday o‘sadi?

Agar uyingizda akvarium boʻlsa, suv yuzasida oʻz-oʻzidan yashil rangdagi qatlam paydo boʻlganini koʻrgandirsiz. Bu — suvoʻtlari. Hovuz va koʻllarda choʻmilganingizda oyoqlaringizga qandaydir oʻsimliklar yopishgan boʻlishi mumkin. Bu ham suvoʻtlari. Ular botqoq, suv havzasi, koʻl, daryo, hatto okeanlarda ham — butun dunyoda oʻsadi va minglab turlarga ega. Suvoʻt oʻlchamlari har xil boʻlib, mayda gʻovak (teshikcha) mikroorganizmlardan tortib, uzunligi 30 metrga yetadigan qalin va baquvvat dengiz oʻsimliklarigacha uchratish mumkin.

Suvoʻtlar — oʻsimlik dunyosining eng sodda shakllaridan biri. Ularning baʼzilari bitta mustaqil hujayradan iborat. Boshqalari uzun zanjirlar shaklida birikadi, baʼzilari esa hujayralar tarmogʻini hosil qiladi. Ayrimlari ajralib, yangi koloniyalar shakllantiradi.

Suvoʻtlar tarkibida xlorofill boʻlib, uning yordamida ular quyosh nurlarini oʻzlashtiradi va ozuqa moddalarini ishlab chiqaradi. Bu jihat ularni turdosh zamburugʻlardan ajratib turadi.

Sokin suv havzasi yuzasida yashil rangli qatlam kabi suvoʻtlar eng keng tarqalgan turlaridan hisoblanadi. Baʼzi ulkan dengiz suvoʻtlari va laminariyalar (qoʻngʻir suvoʻtlari) tarkibida xlorofilldan tashqari sargʻish-jigarrang pigment¹ ham mavjud. Ayrim jigarrang suvoʻtlarining poyalari shunchalik kuchli va mustahkamki, ular arqon tayyorlash uchun ishlatiladi. Hatto suvoʻtlarining bir qismidan yod (modda) olinadi.

Qizil suvoʻtlar — shakli nozik, turli xil qizil ranglarga ega juda chiroyli dengiz oʻsimliklari. Ular shunchalik koʻpligidan dengiz suvi Qizil dengizdek qizgʻish tusga ham kirishi mumkin.

Diatom² suvoʻtlar mayda tangachalarga ega. Suvoʻtlar nobud boʻlgandan soʻng bu tangachalar dengiz tubiga choʻkib, qalinligi bir necha metrgacha boʻlgan choʻkindi qatlamlarni hosil qiladi.


[1] Pigment (lotinchadan “pigmentum” — boʻyoq) — organizmlar toʻqimalari tarkibidagi boʻyoq birikma.
[2] Diatom suvoʻtlar — (yunonchadan “diatomos” — teng ikkiga boʻlingan) — kremniyli suvoʻtlar.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!