20.02.2024
Sof xlor bu — gaz. U eng zaharli gazlardan biri boʻlib, bir vaqtning oʻzida eng foydali hamdir. Tabiatda xlor turli xil birikmalarning bir qismi bo‘lib keladi, masalan, oddiy osh tuzi (natriy xlorid) singari.
Sof xlor birinchi marta 1774-yilda shved kimyogari Karl Sheyele tomonidan olingan. Hozirgi vaqtda u elektr tokini osh tuzi eritmasidan oʻtkazish orqali arzon usulda olinadi.
Birinchi jahon urushida qoʻllangan zaharli gaz deyarli sof xlordan iborat boʻlgan. Nemis qoʻshinlari undan 1915-yil 22-aprelda foydalangan. Ikkala tomon ham xlor birikmalaridan tashkil topgan turli zaharli gazlarni ishlatgan. Ikkinchi jahon urushida esa tomonlarning ikkisi ham zaharli gazlarning katta zaxiralariga ega boʻlishiga qaramay, u jangovar harakatlarda qoʻllanmagan.
Xlor zaharli va xavfli boʻlsa ham, inson salomatligi uchun eng ishonchli vositalardan biridir. Koʻpgina gerbitsid va dezinfeksiyalash vositalarining asosiy qismi boʻlgan xlor mikroblarni yoʻq qiladi. Shaharlarning suv tozalash tizimlari bakteriyalarni yoʻq qilish uchun xlordan foydalanadi. Bunday holda suvning bir million qismi uchun xlorning toʻrt-besh qismi ishlatiladi. Bu miqdor odamlar uchun zararsiz, lekin baʼzida suv xlor taʼmiga ega boʻlib qolishi mumkin.
Xlorni sovutish yoki yuqori bosim yordamida suyuqlikka aylantirish mumkin. Suyuq xlor metall idishlarda yoki maxsus sisternalarda tashiladi. Xlor oqartirish va oqartiruvchi kukunlar ishlab chiqarishda qoʻllaniladi. Ayniqsa, qogʻozni oqartirishda xlordan keng foydalaniladi. Bundan tashqari, u boʻyoqlarda, uning kislorod va kaliy bilan birikmalari esa mushaklar yaratishda, gugurt ishlab chiqarishda ishlatiladi.
Portlash xavfi boʻlmagan tozalash vositasi uglerod tetraxloridi ham xlor birikmasidir. U baʼzi turdagi yong‘inga qarshi vositalarda ham qoʻllanadi. Shuningdek, xlor zamonaviy antiseptiklarning tarkibiy qismidir.
Endi siz pandemiya vaqtida kasallik tarqalishining oldini olishda nima uchun xlor va xlorli vositalardan keng foydalanilgani haqida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘ldingiz. Aytgancha, hozir ham sog‘lom bo‘lish uchun antiseptik vositalardan foydalanib yurish ziyon qilmaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.