20.02.2024
Koʻpchilik asbest yaqinda kashf etilgan deb hisoblaydi. Ammo u ko‘p ming yillar davomida odamlarga maʼlum boʻlgan. Qadimgi ibodatxonalarda u mashʼala va mehroblarni olovdan himoya qilish uchun ishlatilgan. 2000 yil oldin asbest qadimgi rimliklar tomonidan krematsiya (jasadni yuqori haroratli maxsus pechda kuydirish) jarayonida qo‘llanilgan. Afsonaga koʻra, Sharlemanning asbestdan tayyorlangan dasturxoni boʻlgan va undagi dogʻlarni ketkazish uchun Sharleman uni olovga tashlagan.
Yunon tilidan tarjima qilinganda “asbest” soʻzi “bitmas-tuganmas” yoki “yonmaydigan” maʼnolarini anglatadi. Hozirgi vaqtda u olovga chidaydigan tolali minerallar guruhini anglatish uchun qo‘llaniladi. Tarkibida asbest bor minerallar mustahkamligi, egiluvchanligi va foydalanish koʻlami jihatidan farq qiladi. Asbest tarkibida ohak va magniy kabi silikatlar (kremniy kislotasi tuzi), temir kabi kimyoviy elementlar mavjud.
Tolali tuzilishga ega asbest paxta va yungga oʻxshaydi. U issiqlik va yongʻinga chidamli. Shuning uchun u sanoatda keng qoʻllaniladi va shu kungacha olimlar uning oʻrnini bosuvchi narsa topa olishmagan.
Asbest — tola olinadigan va mato toʻqiladigan yagona mineral. Yongʻin xavfi mavjud korxonalarda ishchilar kiyimi, shu jumladan, bosh kiyim, qoʻlqop, ustki kiyim va poyabzallar butunlay asbestdan tayyorlanadi. Asbest 1090° dan 1650 °C gacha, baʼzi turlari esa 2760 °C gacha boʻlgan haroratga bardosh bera oladi.
AQSh dunyodagi xomashyoning atigi 5 foiziga ega, ammo jahon miqyosida asbestning deyarli yarmini ishlab chiqaradi. Dunyo zaxiralarining 75 foizi Kanadaning Kvebek provinsiyasida joylashgan.
Asbest baʼzi togʻ jinslarida qatlam boʻlib o‘rnashadi. Baʼzan uni qazib olish uchun konlar qurish kerak. Bir tonna asbest olishga 45 tonnagacha togʻ jinslarini qayta ishlashga to‘g‘ri keladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.