Zamsh nima?
Zamsh matosi haqida to'liq ma'lumot. Zamsh tog' kiyigi terisidan qilinadimi?
3 min
Bu nima?

Xoʻjalik mollari doʻkonida “zamsh” (qo‘y, bug‘u, tog‘ kiyigi terisidan tayyorlanadigan yumshoq charm mato) deb ataluvchi matoni uchratishingiz mumkin. Uni yumshoqligi uchun sotib olishadi, chunki u sayqal berish paytida yuzani tirnamaydi. Koʻpchilik undan avtomobil va mebel yuzalariga jilo berish uchun foydalanadi.

Zamsh bu — togʻ kiyigining qayta ishlangan terisi. Ammo togʻ kiyigi juda kam uchraganligi uchun AQShda sotiladigan deyarli barcha “zamsh” aslida yaxshi ishlov berilgan qoʻy terisidir.

Togʻ kiyigi uzoq vaqtlar avval Yevropa tekisliklarida yashagan. Vaqt oʻtishi bilan mazali goʻshti va yumshoq terisi tufayli deyarli qirib tashlangan togʻ kiyiklari togʻli hududlarga koʻchib oʻtgan. Endi ularni asosan Alp va Pireney togʻlarida, qorning erish chizigʻi yaqinida uchratish mumkin.

Togʻ kiyigi AQShdagi Qoyatosh togʻlarida uchraydigan togʻ echkisi kabi antilopalar turkumiga mansub. U xavf haqida ogohlantiruvchi, yaxshi rivojlangan koʻrish va hid bilish aʼzolariga ega boʻlgan eng ehtiyotkor hayvonlardan biri hisoblanadi. Togʻ kiyigi toshlar va daralar orqali xavfdan qutulish uchun qochayotganida antilopadan chaqqonroq va togʻ echkisidan ishonchliroq harakat qiladi.

Kuzatuvchilar togʻ kiyiklari podasi oʻtlayotgan paytda ulardan biri xavsizlikni saqlash maqsadida atrofni kuzatib turishini taʼkidlashadi. U xavf paydo boʻlganda qattiq hushtak chaladi va butun suruv qochib ketadi. Ular qochib ketayotib, odam uchun erishib boʻlmas nishabliklar boʻylab yuqoriga va pastga tushadi, chuqur jarlik hamda daralardan sakrab oʻta oladi.

Xonaki echki kattaligidagi togʻ kiyigining vazni taxminan 30 kg. Mavsumga koʻra terisining rangi kulrang yoki jigarrangga oʻzgaradi, lekin boshqa hayvonlardan farqli oʻlaroq, yozda och, qishda esa qoramtir yoki deyarli qora rangda boʻladi. Baʼzan albinos togʻ kiyiklari ham uchrab turadi. Alp togʻlari aholisi oq togʻ kiyigini oʻldirgan kishi bir yil ichida oʻladi, bu unga gnomlar va sehrgarlar tomonidan tayinlangan jazo boʻladi deb hisoblaydi.

Odatda, kichik podaga keksa urgʻochi togʻ kiyigi boshchilik qiladi. Yozda poda asosan urgʻochi va yosh togʻ kiyiklaridan iborat boʻladi. Erkaklari baland togʻlarda alohida oʻtlaydi. Togʻ kiyigining shoxlari silliq, qora, uchlari orqaga va pastga egilgan koʻrinishda boʻladi.

Shuni aytish kerakki, siz do‘konlardan “zamshdan tayyorlangan” deb xarid qiladigan hamma mahsulotlar ham tog‘ kiyigi terisidan olinadigan mato emas. Hozirgi kunda maxsus to‘qimachilik materiallardan tayyorlangan, bo‘yash va pardozlash jarayoni bilan birlashtirilgan, o‘ziga xos uslubdagi sun’iy zamsh matolar ham ishlab chiqariladi. Sun’iy zamshning tashqi ko‘rinishi tabiiy zamshga juda o‘xshaydi. 

Ha, tinib-tinchimagan olimlarimiz kamayib borayotgan tog‘ kiyiklari sonini yanada kamaytirmaslik uchun sun’iy zamsh ishlab chiqarish yo‘lini ham topgan ekan. 

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!