Tapioka nima?
Tapioka haqida eshitganmisz? Tapioka ildizi tarkibi nimadan iborat?
2 min
Bu nima?

Sizga tapiokadan tayyorlangan puding¹ yoqadimi? Dasturxoningizdagi puding nimadan tayyorlangani va u bilan nimalar qilishganiga ishongingiz kelmaydi.

Tapioka issiq mamlakatlarda keng tarqalgan yirik buta ildizlaridan olinadi. Butani ingliz tilida “manioka” yoki “kassava”, shuningdek, “yukka” yoki “mandioka” deb atashadi.

Manioka ildizlari taxminan 33% kraxmal va 67% suvdan iborat. Ildizlardan yegulik tayyorlash uchun koʻp vaqt ketadi. Dastlab ular yuvib tozalanadi, soʻngra uch-toʻrt kunga qozon yoki daryoga tashlab qoʻyiladi. Shuningdek, ularni ivitmasdan qirgʻichdan chiqarib, xamirsimon massa olish ham mumkin. Xamir qovurib isteʼmol qilinadi yoki quritib, undan un tayyorlanadi.

Tapioka tayyorlash uchun uvalangan massa toza suv bilan yaxshilab aralashtirilib tindiriladi. Sof kraxmal donalari asta-sekin pastga choʻkkach, chiqindi toʻkib tashlanadi.

Keyin olingan kraxmal suv bilan qayta aralashtiriladi va bu jarayon toʻrt-besh marotaba takrorlanadi. Kraxmal yetarlicha toza boʻlgandan soʻng past olovdagi metall idishga yoyiladi. Pishirish paytida kraxmal doim aralashtirib turiladi. Vaqt oʻtishi bilan kraxmal kichik kesakchalar hosil qiladi.

Pishirilgan toza kraxmal “tapioka” deb ataladi. Endi buta ildizlari siz uchun shirinlikka aylanishidan oldin uzoq vaqt davomida qayta ishlanishini bilib oldingiz. Amerikaliklar tapiokaning katta qismini Braziliya, Madagaskar va Yavadan (Indoneziyadagi orol) olishadi.

Maniokaning olovda ishlov berilmagan sof kraxmali AQShda “tapioka uni” nomi bilan tanilgan. Undan paxta mahsulotlarini qayta ishlash, pochta markalari uchun yelim ishlab chiqarish va boshqa maqsadlarda foydalaniladi.


[1] Puding — koʻpincha shakar, sut, undan tayyorlanadigan shirinlik.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!