20.02.2024
Qadimgi davrda odamlar “Dunyoning yetti moʻjizasi” deb ataladigan inshootlar qachonlardir yoʻq boʻlib ketishiga ishonmagan boʻlar edi. Aslida bittasidan tashqari barcha moʻjizalar yoʻq boʻlib ketdi.
Bizgacha yetib kelgan yagona moʻjiza bu — Misrdagi Xeops piramidasi. Taxminan 5000 yil oldin qurilgan bu inshoot firʼavn va uning rafiqasi dafn etilgan joy hisoblanadi.
Dunyoning ikkinchi moʻjizasi — hozirgi Iroq hududida joylashgan Bobil¹ devorlari. U miloddan avvalgi 600 yilda mashhur podshoh Navuxodonosor buyrugʻi bilan qurilgan. Gʻishtdan barpo etilgan 100 metr balandlikdagi devorlar xarobaga aylangan.
Dunyoning uchinchi moʻjizasi sifatida yunon haykaltaroshi Fidiy tomonidan yaratilgan Olimpiya (Gretsiya) shahridagi Zevs haykali tan olingan. Balandligi 12 metr boʻlgan oltin kiyimdagi Zevs tanasi fil suyagidan, koʻzlari esa qimmatbaho toshlardan yasalgan. Haykal bizga qadar saqlanib qolmagan.
Toʻrtinchi moʻjiza — hozirgi Turkiya hududida joylashgan Efesdagi maʼbuda (ayol obrazida tasavvur qilingan xudo) Diana ibodatxonasi. Tomi 18 metrli qoyadan yoʻnilgan, yaxlit tosh ustunlari ushlab turgan ibodatxonada yunon rassomlarining eng yaxshi asarlari toʻplangan. Miloddan avvalgi 262-yilda bosqinchi got qabilasi uni yoqib yuborgan.
Dunyo moʻjizalarining beshinchisi — miloddan avvalgi 353-yilda hozirgi Turkiya hududidagi Galikarnas shahrida vafot etgan podshoh Mavzolning maqbarasi. Inshoot shu qadar hashamatli va juda qimmatga tushganki, bugungi kunda bunday hasham bilan bezatilgan maqbaralarni mavzoley (qabr ustiga ishlangan mahobatli yodgorlik yoki maqbara) deb ataymiz.
Dunyoning oltinchi moʻjizasi quyosh maʼbudi Geliosning bronza haykali — Rodos Kolossi edi. 32 metr balandlikdagi bu mo‘jiza Rodos orolida joylashgan. Miloddan avvalgi 224-yildagi zilzila uni vayron qilgan.
Dunyoning yettinchi va soʻnggi moʻjizasi — Forosdagi mayoq. Uning qurilishi miloddan avvalgi 283-yilda Misr qirgʻoqlari yaqinidagi Foros orolida boshlangan. Tepasida olov yonib, kemalarga port tomon (dengiz yoki daryo qirg‘og‘ida kemalar turadigan joy) yoʻlni koʻrsatgan mayoqning balandligi deyarli 180 metr boʻlgan, deyiladi manbalarda. Mayoq zilzila natijasida vayron boʻlguniga qadar 1500 yildan ortiq xizmat qilgan.
[1] Bobil — janubiy Mesopotamiyadagi qadimiy shahar, Bobil imperiyasining poytaxti.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.