20.02.2024
Inson atrofidagi dunyo nega shunday ekani haqida doim bosh qotirgan. U yoki bu hodisalar nega sodir boʻlishini izohlashga harakat qilgan. Hozirgi vaqtda biz koinotda sodir boʻlayotgan voqealarni ilmiy izohlay olamiz. Ammo qadimgi davrda odam bunday izohlarni oʻylab topishga majbur edi. U qancha tushunarsiz hodisalarni izohlay olmaganini bir tasavvur qilib koʻring?! Nega bunday davriylik bilan quyosh chiqadi va botadi? Nega fasllar mavjud? Yulduzlar nima va ular qanday harakatlanadi?
Odamlar hayotida ham tushunarsiz voqealar sodir boʻlgan. Nega kutilmagan hodisalar roʻy beradi? Nega odam tush koʻradi? Nimaga betob boʻladi? Odamlar qanday paydo boʻlgan va oʻlimdan keyin ularga nima boʻladi? Dunyo va undagi hamma narsa qanday yaratilgan? O‘tmishda odamlar oʻzida paydo boʻlgan bu kabi savollarga javob berishga harakat qilgan. Dunyoning turli burchaklaridagi har xil qabilalar oʻz tushunchalariga ega boʻlishgan, ular qandaydir tarzda voqealarni tushuntirishgan. Bunday tushuntirishlarni oʻz ichiga olgan ifodali hikoyalarni afsonalar deb ataymiz. Mifologiya esa dunyo xalqlarining afsonalarini oʻrganadi.
Qadimgi davrlarda inson oʻzining afsonalari yordamida dunyosini “insoniylashtirishga”, “jonlantirishga” harakat qilgan. U atrofdagi barcha narsalar oʻzi kabi fikrlaydigan mavjudotlar, ayrimlari esa ulkan kuchga ham ega ekaniga ishongan. Barcha narsalar — hayvon, oʻsimlik, daryo, yulduzlar, Quyosh va Oy sehrli kuchga ega maʼbudlar boʻlgan. Ayrim maʼbudlar yaxshi, boshqalari esa ogʻriq, ochlik, oʻlim olib keluvchi yovuz deya hisoblangan.
Inson bu narsalarni maʼbud deb bilgani va ularni fikrlaydigan mavjudotlar deb hisoblagani tufayli ularga so‘rovlar bilan murojaat qilishga ishongan. Agar quyoshning ongi boʻlsa, undan nurini oʻsimliklarning oʻsishi uchun yoʻnaltirishni soʻrash mumkin. Odamlar yomgʻir maʼbudi ularni eshitishiga ishonib, yomgʻir soʻrab unga murojaat qilgan.
Bularning barchasi turli xil udum va marosimlarning paydo boʻlishiga olib kelgan. Maʼbudga muayyan bir tarzda murojaat qilish kerak, aks holda u gʻazablanishi mumkin edi. Bunday udum va marosimlarning maqsadi inson va maʼbud oʻrtasidagi yaxshi munosabatlarni saqlash edi. Inson shu tarzda voqealarni boshqarishi va nazorat qilishi mumkinligiga, natijada uning hayoti yanada baxtli boʻlishiga ishongan.
Siz ham bobo-buvijonlaringizdan Oy, Quyosh, yulduzlar hayoti haqidagi afsonalarni eshitgan bo‘lsangiz, ajab emas!
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.