Dunyoda soat mintaqalari bormi?

Bugungi kunda reaktiv¹ samolyotlar yordamida katta masofalarni bosib oʻtayotganimizda vaqt farqi bizni juda hayratda qoldiradi. AQShning Nyu-York shahridan Los-Anjeles shahriga uchib kelsak, yakuniy manzilga deyarli oʻsha vaqtning oʻzida yetib kelamiz.

Gap shundaki, AQSh hududi soat mintaqalariga boʻlingan. Ushbu qaror 1833-yil Amerika Qoʻshma Shtatlari toʻrtta — sharqiy, markaziy, togʻ va Tinch okeani soat mintaqasiga boʻlinganida qabul qilingan.

Ushbu boʻlinish meridianlar, ya’ni Yer yuzasi boʻylab Shimoliy va Janubiy qutblarni bogʻlaydigan xayoliy chiziqlar boʻylab oʻtgan. Har bir mintaqa orasidagi vaqt bir soatga farq qiladi, mintaqa ichidagi vaqt esa bir xil.

Bir soat mintaqasidan sharqqa qarab boshqasiga oʻtilganda bir soat qoʻshiladi, gʻarbga qarab oʻtilganda esa bir soatga kamayadi. Ammo soat mintaqalari toʻgʻridan toʻgʻri chegaralarga ega emas. Bir-biriga yaqin baʼzi joylar bir xil vaqt mintaqasiga ega. Masalan, AQShning Jorjiya shtati, Florida shtatining katta qismi va Michiganning janubiy qismi markaziy soat mintaqasida joylashgan boʻlishiga qaramay, ular sharqiy soat mintaqasiga amal qiladi.

Dunyoning butun hududi AQSh kabi soat mintaqalariga boʻlingan. Meridianlar boʻylab har bir soat mintaqasi 15 darajani egallaydi. Meridianlar hisobi qayerdan boshlanadi? U Buyuk Britaniyadagi Grinvich shahrida boshlanadi. U orqali nol meridiani oʻtadi. Grinvichdan sharqqa qarab har 15 darajada Grinvich vaqtiga bir soat qoʻshiladi. Gʻarbga qarab esa mos ravishda bir soat ayriladi.

Shunday qilib, Grinvichda soat 12:00 boʻlganida, Kaliforniyada ertalab soat 4:00 boʻladi. Chunki u gʻarbdagi 15 darajali toʻqqizinchi mintaqada joylashgan. Misrda esa bu vaqtda soat 14:00 boʻladi, sababi u 15 darajalik ikki meridian sharqda joylashgan.

Yerning Grinvichga qarama-qarshi tomonida xayoliy “sana chizigʻi” mavjud. Agar uni kesib oʻtib, gʻarb tomonga harakat qilsak, bir kunni yoʻqotamiz. Aksincha, sharqqa qarab harakat qilsak, bir kun “yutamiz”.

Boshqa davlatda yashaydigan tanishingiz yoki doʻstingizdan ularda hozir soat necha ekanini soʻrab, oʻzingizdagi vaqt bilan solishtirib koʻring.

Bu qiziq!

Aytish joiz, bizning mamlakatimizda soat mintaqasi bitta, yaʼni agar poytaxtimiz Toshkentda soat 10 boʻlsa, Xorazm viloyatida ham soat 10 boʻladi. Dunyo standardlariga koʻra esa, Oʻzbekiston vaqti GMT+5 deb yuritiladi: agar, aytaylik, Kanadalik doʻstingiz bilan gaplashayotgan boʻlsangiz, unga bizda soat GMT+5 desangiz boʻladi.


[1] Reaktiv — bugʻ, gaz kabilar oqimining tepki kuchi natijasida yoki shunday kuch bilan harakat qiladigan moslama yoki qurilma. 

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!