Qalamni kim ixtiro qilgan?
Qalam haqida ma'lumot, Grafit qayerdan topilgan? Grafit qalamlar qachon paydo bo'lgan?
2 min
Tarix

Zamonaviy qalamlarning yoshi 200 yildan oshmaydi. Taxminan 500 yil avval Angliyaning Kamberlend shahri konlarida grafit¹ topilgan. Oʻshandan beri grafit qalamlar ishlab chiqarilmoqda.

Germaniyaning Nyurnberg shahrida mashhur Faber oilasi 1760-yildan boshlab grafit kukuni yordamida qalam ishlab chiqarishni boshlagan, ammo bu unchalik muvaffaqiyatli boʻlmagan. Nihoyat, 1795-yilda ismi-sharifi Kont boʻlgan shaxs grafit va loyning baʼzi turlari aralashmasini pechda pishirish orqali qalam ixtiro qilgan. Bu texnologiya bugungi kunda ham qoʻllanmoqda.

Oddiy qalamlar qogʻozda qoramtir iz qoldiradigan grafitdan yasalgan.

Qalam ishlab chiqarishda quruq grafit kukuni loy va suv bilan aralashtiriladi. Loy qancha koʻp boʻlsa, qalam shunchalik qattiq boʻladi, grafit koʻproq boʻlganda esa grifel² yumshoqroq boʻladi. Tayyor boʻlgan xamirsimon aralashma qoliplash moslamasi orqali ezilib, ingichka moʻrt iplar hosil qilinadi. Ular tekislanib, oʻlchamiga koʻra kesiladi, quritiladi va olovda toblash uchun oʻchoqqa yuboriladi. Oldin kedr yoki qaragʻaydan tayyorlab qoʻyilgan yogʻoch choʻp uzunligi boʻylab teng ikkiga boʻlinadi va ichki tarafida grifel uchun ariqcha ochiladi. Unga grifel quyilgach, ikkala palla yopishtiriladi. Choʻp qalam oʻlchamlarida kesiladi va tashqi tomoni silliqlanadi.

Bugungi kunda turli sohalar uchun 300 dan ortiq turdagi qalam ishlab chiqarilmoqda. Har xil qattiqlikdagi oddiy qalamlarni xarid qilishingiz yoki 72 rangdagi qalamlarga buyurtma berishingiz mumkin. Shisha, mato, sellofan, plastmassa va kino tasmalariga yozuvlar tushirish uchun moʻljallangan qalamlar bor. Qurilishda ishlatiladigan va ochiq havodagi yuzada ham izi bir necha yil davomida turadigan qalamlar ham mavjud.

Sizga qanday qalamlar koʻproq yoqadi: oddiy qora qalamlarmi yoki rangli? ✏️


[1] Grafit — mineral, yer poʻstlogʻida uchraydigan sof uglerodning bir koʻrinishi.
[2] Grifel — shifer taxtasiga yozish uchun moʻljallangan tayoq yoki tayoqcha.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!