Komikslarni kim o‘ylab topgan?

Albatta, ancha oldin paydo boʻlgan baʼzi narsalar zamonaviysidan juda farq qiladi. Bunga zamonaviy komiks¹ yoki karikaturalardan² boshqa aniq misol boʻlmasa kerak.

Komiksning oʻtmishdoshi Uygʻonish davri rassomlari tomonidan oʻylab chiqilgan. Dastlab ular kartonga (qattiq qogʻoz) katta maydonni egallab turgan rasm, freska³, gobelen⁴ yoki vitrajlarning (naqsh) chizmalarini chizishgan. Karton deb nomlanadigan chizmalardan foydalanish texnikasi bugungi kungacha rassomlar orasida saqlanib qolgan.

Keyinchalik gazeta va jurnallar rasmlardan yangilik va sharhlarga bezak sifatida, shuningdek, shunchaki oʻyin-kulgi uchun foydalanish boshlagan. Ushbu rasmlar karikaturalar deb atalgan.

Bundan ham oldinroq, gazetalar yoʻqligida, taniqli karikaturachilar Xogart, Goya, Domye va Roulandson mavzu boʻyicha bir qator rasm chizishgan. Ular koʻpincha bitta qahramon sarguzashtlariga bagʻishlangan. Oʻshalar hozirgi komikslarning oʻtmishdoshlari edi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida faqat komiks chop etadigan Parijda “Sharivari”, Londonda “Panch” va AQShda “Hayot va qozi” kabi jurnallar nashr etila boshlandi. AQShdagi baʼzi gazeta va jurnallar har bir songa komiks qoʻshishni boshlagan. Keyin koʻplab yumoristik jurnallar oʻquvchilar orasida nufuzini yoʻqotib yopilgan.

Birinchi komiks XX asr boshlarida paydo boʻlgan. 1902-yilda Richard Autkolt “Baster Braun” nomli komiksni oʻylab topib nashr etgan. U shunchalik mashhur boʻlganki, butun mamlakat bolalari oʻyinlarda Baster Braunga taqlid qilishgan.

1912-yilda paydo boʻlgan yana bir mashhur komiks “Ota tarbiyasi” deb nomlangan. U 27 tilga tarjima qilinib, dunyoning 71 mamlakatida nashr etilgan.


[1] Komiks — tayinli bir voqeani hikoya qiluvchi, uzviy ketma-ketlikda bogʻlangan matnli rasmlar toʻplami.
[2] Karikatura — kulgi yoki mazax qilish maqsadida kishi yoki biror narsa-hodisaning salbiy tomonlarini ataylab boʻrttirib ishlangan kulgili rasm.
[3] Freska — xom, hali qurimagan suvoq ustiga rangli qilib ishlangan rasm.
[4] Gobelen — devor, deraza va eshiklarga osiladigan bezakli gilam yoki gazlama.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!