Oltin ilk bor qayerda qazib olingan?

Oltin shu qadar noyob va qimmatbahoki, uni qazib olish yaqinda boshlangan deb oʻylashingiz mumkin. Aslida unday emas! Oltin — odamlarga tanish qadimgi metallardan biri.

Odamzod uni ilk bor qachon topib, qayta ishlov berganini hech qachon bila olmaymiz. Chunki barcha tarix kitoblari ancha keyin yozilgan. Oltin erkin holatda uchrashi tufayli ham (bu har doim ham tarkibida tabiiy aralashma boʻlmasligini anglatadi) u odamlarga maʼlum boʻlgan birinchi metallardan biridir.

Oltin qazib olishning ilk izlari Misrda topilgan. Misrliklar oltin qazib olishni 5000 yildan koʻproq vaqt oldin boshlagan. Shuningdek, bizda 4500 yil oldin ossuriyaliklar oltinni qoʻlga kiritish uchun qoʻshni hududlarni bosib olgani haqida maʼlumotlar bor.

Yunoniston va Rim hukmdorlari ham bu qimmatbaho metallni yaxshi koʻrgan. Ular bosib olgan mamlakatlarni talon-taroj qilib, qullarni oltin qazish konlarida ishlashga majbur qilishgan. Koʻrib turganingizdek, oltin qazib olish qadim zamonlardan beri amalga oshirilgan.

Ehtimol, Amerikada ham oltin qadim zamonlardan beri qazib olingan. Ispaniyaliklar Meksikaga kelganida atstek¹ shaharlarida ushbu metallning katta zaxiralarini topgan edi. Janubiy Amerika, Peruda inklar² ham oq tanlilar kelishidan yuzlab yillar oldin oltin qazib olishgan.

Biron bir joyda oltin topilganda koʻplab sarguzasht ishqibozlari sariq metallni qidirgani shoshilgan. 1848-yilda Jon Satter ismli kishi Kaliforniyada suv tegirmonini qurayotganda, yordamchisi Jeyms Marshall ariq tubidagi toshlar orasida gʻalati sariq zarralarni koʻrgan. Bu mayda sariq zarralar oltin boʻlib chiqqan.

Topilma haqidagi xabar tez tarqalgan va 1848-yilgi mashhur oltin vasvasasi boshlangan. 1849-yilda koʻplab koʻchmanchilarning Kaliforniyaga kelishi Amerikaning Tinch okean sohili rivojlanishiga sabab boʻlgan.


[1] Atstek — 1521-yilda Meksikaga ispan bosqinchilari kelguniga qadar Mexiko shahri vodiysida yashagan xalqlar.
[2] Ink — kechua tillari oilasiga mansub hind qabilasi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!