Biz nega pulni qadrlaymiz?

Puldan foydalanish gʻoyasi rostdan ham ajoyib! Ammo koʻpchilik puldan foydalanish kimning aqliga kelgani va nima uchun uni qadrlashimizni bilmaydi.

Ming yillar oldin pul ishlatilmagan. Qadimda odamlar ayirboshlash¹ bitimlaridan foydalangan. Agar odam oʻzi ishlab chiqara olmaydigan narsani sotib olmoqchi boʻlsa, oʻsha mahsulotga ega odamni topishi, uning evaziga biron bir narsani taklif qilishi kerak edi. Agar u odamga bu mahsulot kerak boʻlmasa, qadimgi odam oʻziga kerakli narsasiga erisholmagan.

Vaqt oʻtishi bilan ayrim narsalar pul sifatida ishlatila boshlandi. Chunki deyarli har bir kishi oʻziga zarur narsani sotib olgisi kelardi. Masalan, sigir, tamaki, don, teri, tuz va munchoqlar pul boʻlib xizmat qilgan. Sababi odamlar ularni bajonidil qabul qilgan.

Keyinchalik bu mahsulotlar oʻrnini metall boʻlaklari egallagan. Koʻp hollarda oltin yoki kumushdan foydalanilgan. Keyinchalik maʼlum bir soflik va ogʻirlikdagi metalldan tangalar tayyorlana boshlangan. Ular aniq miqdordagi mahsulotlarni ifodalagan. Bir nechta tanga bitta sigir yoki 10 kg tamaki va hokazolarga teng boʻlgan.

Hozir bizda qogʻoz pul va tangalar bor va ularni hukumat bosib chiqaradi. Hammamiz pullarni qabul qilamiz va ishlatamiz. Xoʻsh, nega bizga pul kerak? Ularni nima sababdan qadrlaymiz? Biz pul bilan toʻrtta muhim ishni bajara olamiz.

Birinchidan, pul yordamida biz almashinuv va savdo-sotiqni amalga oshiramiz. Aytaylik, siz velosiped sotib olmoqchisiz. Buning uchun hatto bir odamning maysazorini oʻrib, qoʻshimcha pul topishga ham tayyorsiz. Ammo siz oʻrmoqchi boʻlgan maysazor egasi velosiped sotmaydi, u velosiped sotib olishingiz mumkin boʻlgan pulni toʻlaydi. Pul yordamida oʻz mehnatingizni har qanday narsaga almashtira olasiz.

Ikkinchidan, pul — qiymat oʻlchovi. Uning yordamida turli narsalar qiymatini solishtirish mumkin. Maysazorni bir soat oʻrganingiz uchun sizga 20 ming soʻm toʻlashadi. Velosiped narxi esa 1 million soʻm. Siz velosiped narxiga qarab, oʻz mehnatingiz qiymati haqida tasavvurga ega boʻlasiz.

Uchinchidan, pul — bu qiymat zaxirasi. Tez aynishi sababli yigʻilgan pomidor hosilini uzoq vaqt saqlay olmaysiz. Ammo ularni sotib, daromadingizni kelajak uchun saqlay olasiz.

Toʻrtinchidan, pul kelajakdagi toʻlovlar uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Siz velosiped uchun 200 ming soʻm toʻlab, qolganini keyinroq toʻlashga vaʼda berasiz. Sotuvchiga toʻlovni pomidor, tuxum yoki futbol toʻpi bilan amalga oshirmaysiz. Siz doʻkon egasi bilan qolgan miqdorni keyinroq toʻlab berishga kelishasiz. 


[1] Ayirboshlamoq — biror shart bilan biror narsani alishmoq, almashmoq.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!