Odamlar tarozidan foydalanishni qanday o‘rgangan?
Odamlar qachondan narsalarni tarozida tortishni boshlagan? Tarozi haqida ma'lumot
3 min
Tarix

Shahrimizda odamlar har kuni qancha narsalarni tortib koʻrishini bir tasavvur qilib koʻring. Ularni birma-bir sanaydigan boʻlsak, bizga na joy, na vaqt yetadi. Bugungi kunda narsalarni toʻgʻri tortishni bilish juda muhimdir. Bu nafaqat savdo va ishlab chiqarishda, balki kundalik hayotda ham zarur. Ushbu koʻnikma fan olamida ham gʻoyat kerakli.

Turli narsalarni qanday tortishni birinchi boʻlib oʻylab topgan odam kim boʻlgan? Tarixiy kitoblarda bu qadimgi Misrda sodir boʻlgani aytilsa-da, biz uning ismini hech qachon bila olmasak kerak. Taxminan 7000 yil oldin misrliklar birinchi tarozini ixtiro qilgan. Uzun gorizontal toʻsinning turli uchlariga ikkita yuk qoʻyilgan va toʻsin tebranishdan toʻxtab, muvozanatga kelguncha kutilgan.

Eng qadimgi tarozi quyidagicha koʻrinishga ega boʻlgan. Uzun toʻsinga oʻrtasidagi teshik orqali oʻtgan chilvir yordamida kichikroq taxta boʻlagi biriktirilgan. Toʻsinning har bir uchiga pallalar iplar bilan bogʻlangan. Pallalar boʻsh boʻlganda toʻsin gorizontal va tarozi muvozanat holatida boʻlgan. Har qanday narsaning ogʻirligini aniqlash uchun predmet bir pallaga qoʻyilgan, ikkinchisiga esa ogʻirlik etaloni boʻlib xizmat qiladigan, vazni hammaga maʼlum boʻlgan yuk joylashtirilgan.

5 000 yil davomida bu konstruksiya odamlarga maʼlum boʻlgan eng ishonchli tarozi boʻlgan. Davrimiz boshlarida qadimgi rimliklar uni biroz takomillashtirgan. Ular gorizontal toʻsindagi teshik orqali arqon oʻrniga sterjen yoki toʻgʻnagʻich oʻtkazib, uni qoʻltarozi deb atay boshlaganlar.

Sterjen yoki ilgakda osilib turgan plankaning ikki uchi boʻlib, ularning uzunligi turlicha bo‘lgan. Tortish kerak boʻlgan narsa uning qisqa tarafiga osilgan. So‘ng maʼlum bir ogʻirlikdagi tosh planka muvozanatga kelgunga qadar uning uzun uchi boʻylab harakatlantirilgan.

Ushbu ikki qurilma bugungi kunda maʼlum boʻlgan barcha zamonaviy tarozi turlarining “bobolar”idir.

Bugun biz qadimda hech kimning xayoliga kelmagan narsalarni tortib koʻrishimiz mumkin. Zamonaviy tarozilar hatto inson sochining ogʻirligini ham oʻlchay oladi. Boʻsh qogʻozga siyoh bilan yozilgan harflarning vazni qancha boʻlishi mumkin deb o‘ylaysiz? Hozirgi tarozilar toʻliq yuklangan yuk mashinasining ogʻirligini ham oʻlchay olishi esa ajablanarli bo‘lmay qolgan.

Ilmiy laboratoriyalarda maxsus, oʻta aniq tarozilardan foydalaniladi va ularning ishlashi uchun maxsus sharoitlar yaratiladi. Chunki namlik, tebranish, elektr toʻlqinlari va boshqa omillar tarozilarning aniq ishlashiga xalaqit berishi mumkin. Axir ularning yordami bilan vaznni 1/100 000 000 gacha boʻlgan aniqlik bilan oʻlchasa bo‘ladi.

⚖️ Darvoqe, bugungi kunda tarozida biror narsa o‘lchash uchun pallalariga tosh qo‘yish shart emas. Chunki hozirda elektron, “aqlli” tarozilar ularsiz ham o‘z vazifasini yuqori aniqlikda bajara oladi. Balki, kelajakda bundan-da takomillashgan va noodatiy tarozilar paydo bo‘lar yoki tarozilarga umuman ehtiyoj ham qolmas…

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!