20.02.2024
Siyosiy saylovlarda kimnidir saylay olish huquqi “ovoz berish huquqi” deb ataladi. Uning yordamida odamlarni davlat lavozimlariga saylash, shuningdek, xalq muhokamasi uchun berilgan qonunlarni tasdiqlash yoki rad etish mumkin.
Insoniyat tarixida koʻpincha jamiyatning saralangan odamlari ovoz berish huquqiga ega boʻlgan. Har bir insonning saylash va saylanish huquqi toʻliq demokratiyadir¹. Ammo bu huquq bugungi kunda hamma joyda mavjud emas va har doim bunga amal qilinmaydi. Har doim maʼlum bir cheklovlar boʻladi. Ularning baʼzilari qonuniy, boshqalari esa adolatsiz. Biroq turli vaqtlarda har xil mamlakatlarda insonning yoshi, jinsi, dini, rangi, maʼlumoti, moddiy va ijtimoiy mavqeyi, shuningdek, soliq toʻlashi bilan bogʻliq cheklovlar boʻlgan.
Qadimgi Yunoniston va Rimda demokratiya kurtaklari paydo boʻlgan. Jumladan, u yerda ovoz berishning sodda shakli ham bor edi. Masalan, Afinadagi umumiy yigʻilishlarda odamlar xalq muammolariga oid masalalarda qoʻlini koʻtargan. Odamlar haqidagi muammoli vaziyatlarda yashirin ovoz berishdan foydalanilgan. Masalan, odamlar gʻazabiga uchragan kishi lavozimidan olib tashlangan. Ovoz berish huquqiga faqat erkin fuqarolar ega boʻlgan. Qullar va chet elliklar ovoz bera olmagan hamda chet elliklarga fuqarolik berilmagan.
Oʻrta asrlarda yirik shaharlar aholisi va erkin fuqarolarda shahar hokimini saylash huquqi boʻlgan. Biroq ovoz berish huquqi uchun mulkiy cheklovlar boʻlgan. Renessans davrida xalqni aristokratiya² boshqargan: oddiy odamlar ovoz bera olmagan.
Yevropada ilk tadbirkorlarning paydo boʻlishi, savdo va sanoat rivojlanishi bilan ovoz berish huquqi ularga ham berilgan. Insonning yoshi va tugʻilishidan boshlab boshqa xususiyatlariga tegishli cheklovlar uning moliyaviy ahvoliga oid cheklovlar bilan almashtirilgan. Na Amerika, na Fransiya inqiloblari imtiyozli guruhlar oʻz ovoz berish huquqlarini oddiy odamlar bilan boʻlishishiga sabab boʻla olmagan.
Bugungi kunda Buyuk Britaniyada 18 yoshga toʻlgan har bir kishi (aqldan ozganlar va jinoyatchilar bundan mustasno) ovoz berish huquqiga ega. Buyuk Britaniyada 1832-yilgacha juda kam odam bu huquqqa ega boʻlgan. Ayollarga 1918-yilgacha ovoz berishga ruxsat berilmagan. Keyinchalik 30 yoshga toʻlgan ayollarga ovoz berish huquqi berilgan. Nihoyat, 1928-yil barcha inglizlar ovoz berish huquqiga ega boʻlgan.
1832-yildagi islohot mavjud ovoz berish tizimini bekor qilgan va qiymati kamida 10 funt turadigan yeri (xoh u yer egasi yoki ijarachi boʻlsin) bor barcha erkaklarga bu huquq berilgan.
1867-yilda hunarmand va shahar ishchilariga ovoz berish huquqini beradigan ikkinchi islohot boʻlib oʻtdi. 1884-yildan soʻng dehqonlar ham ovoz berish huquqidan foydalana boshlagan. Endilikda har bir kishi ovoz berish huquqiga ega.
O‘tgan asr boshlarida yer egasida “saylov okrugi³” deb ataladigan hudud nomidan parlamentga oʻz nomzodini tayinlash huquqi boʻlgan. Ammo baʼzida Buyuk Britaniyada joylashgan Uiltshir hududidagi Eski Sarum kabi bunday okruglarda hech kim yashamagan yoki Angliya hududi Saffolkdagi Danvich okrugida boʻlganidek yer sunʼiy dengiz tubiga aylangan. 1832-yilgacha faqat oz sonli parlament aʼzolari xalq ovozi bilan saylangan.
Bugungi kunda saylovdagi har bir nomzod 500 funt sterling taqdim qilishi kerak. Agar u 5 foiz ovoz toʻplay olmasa, bu pulni jarima sifatida beradi. 1949-yilgacha bir shaharda yashab, boshqa okrugda oʻz tadbirkorligini olib borgan kishi ikkala okrugda ham ovoz bera olgan. Universitet bitiruvchisi mahalliy nomzodlarga, shuningdek, uning universitetidan vakil boʻlgan nomzodlarga ham ovoz berishi mumkin boʻlgan.
Avvalgi ovoz berish jarayonlari bilan hozirgisining qanday farq va oʻxshashliklari bor?
[1] Demokratiya — fuqarolar erkinligi konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan siyosiy tuzum; xalq hokimiyati.
[2] Aristokratiya — iqtisodiy hukmron sinf, zodagonlarning siyosiy hokimiyati.
[3] Okrug — ba’zi davlatlarda ma’muriy-hududiy birlik.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.