20.02.2024
FQB (Federal qidiruv byurosi) AQSh federal hukumatning eng diqqatga sazovor va taniqli boʻlimlaridan biridir. Rus tilida ФБР (Федеральное бюро расследований), ingliz tilida esa FBI (Federal Bureau of Investigation) deb ataladi. U 1908-yilda AQSh Adliya vazirligi tarkibidagi byuro sifatida tashkil etilgan.
FQB federal qonunlarning buzilishi, shuningdek, AQSh manfaatdor boʻlgan ishlarni tekshirish uchun chaqirilgan. 1924-yilda shaxsni aniqlash boʻlimi tashkil etilgan. Dastlab 810, 188 barmoq izlari saqlanadigan kartoteka paydo boʻlgan. Bugungi kunda FQBda 100 000 000 barmoq izlari kartochkalari mavjud.
FQBning shtab-kvartirasi Vashington shahrida joylashgan bo‘lib, mamlakat boʻylab 52 ta yetakchi boʻlim mavjud. Federal tergov byurosi oʻzining asosiy faoliyatidan tashqari, mahalliy ijroiya organi va shtat politsiya boʻlimlari huzurida xizmat koʻrsatuvchi tashkilot vazifasini ham bajaradi.
Tergov boʻlimi barmoq izlarini taqqoslab, jinoyatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritadi. Biror kishi hibsga olinganida uning barmoq izlari FQBga yuboriladi va 5 daqiqa ichida bu odamning qonun bilan ziddiyatlari bor-yoʻqligini bilib olish mumkin boʻladi. Vashingtonda ushbu shaxsning barmoq izlari olingach, 36 soat ichida u toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning nusxasi tegishli politsiya boʻlimiga yuboriladi.
Maxsus laboratoriyalarning maʼlumotlaridan barcha huquqni muhofaza qilish idoralari foydalanishi mumkin. U yerda ishlaydigan olimlar eng zamonaviy uskuna va jihozlar bilan taʼminlangan. Ular har kuni yuzlab hujjatlarni oʻrganadi — qon, soch, tuproq va boshqa narsalarni tekshiradi. Barcha dalillar toʻplangach, FQB mutaxassislari sudga maʼlumot beradi.
1939-yilning iyun oyida AQSh prezidenti FQBni josuslik, sabotaj va mamlakatning mudofaa qobiliyatiga putur yetkazadigan boshqa harakatlarni tekshiradigan agentlik sifatida tanlagan.
Ikkinchi jahon urushi paytida esa FQB mamlakat xavfsizligini taʼminlab, koʻplab josuslik tashkilotlarini fosh qilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.