Qamoqxonalar qanday paydo bo‘lgan?
Qamoqxona tarixini bilasizmi? Qamoqxonalar qanday paydo bo'lgan?
2 min
Tarix

Qamoqxona qonunni buzgan insonlar qamaladigan joy, deb tushunishga oʻrganib qolganmiz. Lekin qadim zamonlarda bu boshqacha maʼnoga ega boʻlgan.

Yuz yillar avval turli amaldor va muhim siyosiy arboblar qoʻlga olinib, biror kelishmovchilik uchun qasos olish yoki garov pulini undirish maqsadida qamoqda saqlangan. XIX asrga kelib qamoqxonalardan jinoyatchilarni jazolash va oʻzgartirish uchun foydalanilgan.

Avvalari jinoyatchilar qamoqda faqat sudgacha saqlangan. Suddan keyin hukm darhol ijro etilgan. Jinoyatchilar qamoqxonada jazo muddati oʻtashi shart boʻlmagan. Aybdorlar yo qatl qilingan, yo kaltaklangan, yo jarimaga tortilgan yoki ularga boshqa turdagi jismoniy azob berilgan.

Vaqt oʻtishi bilan shafqatsiz jazolar jinoyatchilikni toʻxtatmasligini tushunishdi. Natijada qatl va jismoniy jazolar oʻrnini qamoqxonalarda jazo oʻtash egalladi. 

1550-yil Buyuk Britaniya va Yevropa davlatlarida “ish uylari” va “axloq tuzatish uylari” paydo boʻla boshladi. Bu yerlarda tilanchi, uysiz, qarzdor va boshqa kichik huquqbuzarliklar sodir qilgan kishilar saqlangan. Oʻsha davrlarda ham ogʻir jinoyat qilganlarni qamashgan. Ammo “ish uylari” uzoq muddatli jazoni oʻtayotgan kishilarga mos kelmasdi. Shu sababli ancha qattiq qoʻriqlanadigan qamoqxonalar tashkil etilgan.

Koʻp qamoqxonalar inson saqlanishi uchun umuman yaroqsiz edi: xonalar kir, qorongʻi va sovuq. Ovqat va tibbiy xizmat ham talabga javob bermagan. Bir kamerada (biror narsa uchun moʻljallangan maxsus xonada) yosh-u qari, “tajribali” jinoyatchi va turmaga ilk bor tushgan ham birga saqlangan. Hech qanday reabilitatsion dastur¹, hatto ish ham boʻlmagan. Jinoyatchilar bekorchi boʻlib oʻtirgan.

XVIII asr oxiriga kelib odamlar turmalardagi sharoit yaxshilanishini talab qila boshladi. Oʻsha davrdan beri qamoqxonalar ancha oʻzgardi. Hozir odamlar qamalganlarga toʻgʻri yoʻl topishga yordam berish kerak, deb hisoblaydi. Hozir ular uchun ish, tibbiy va psixologik yordam, shuningdek, taʼlim beruvchi dasturlar mavjud.


[1] Reabilitatsion dastur — jinoyat sodir etishda asossiz ayblangan shaxsning shaʼni va qadr-qimmatining tiklanishi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!