Birinchi ko‘zgu qayerda paydo bo‘lgan?
Ko'zgu nima? Ko'zgu haqida ma'lumot
2 min
Tarix

Koʻl suvida hech oʻzingizni koʻrganmisiz? Unda daraxtlar va osmonning aksini koʻrganmisiz? Aslida siz koʻzguga qaragansiz. Chunki koʻzgu — yorugʻlik va boshqa jismlarni aks etadigan silliq yuza.

Uning yuzasi silliq boʻlishi juda muhim. U qanchalik tekis boʻlsa, tasvir shunchalik yaxshi boʻladi. Shamol suvni mavjlantirganda jimirlayotgan quyosh nurlaridan boshqa hech narsani koʻrmaysiz.

Qadimgi davrlarda koʻzgular ishlov berilgan metalldan yasalgan. Hozirda u orqa tomonida metall qatlami boʻlgan silliq shishadan yasaladi. Shishaning oʻzi hali koʻzgu emas: bizga tasvirni yupqa kumush qatlami koʻrsatadi, shisha esa uni tirnalish va shikastlanishdan himoya qiladi.

Inson koʻzguni qachon ixtiro qilganini hech qachon bila olmaymiz. Ehtimol, yaratgan odam ham tez-tez hovuz yuzasida oʻz aksini koʻrgan boʻlishi mumkin. Balki, u tasodifan sayqallangan metall ham jismlarni aks etishi mumkinligini bilib qolgandir. Bir kuni odam metall parchalarini sayqallab (biz bu gʻoyani, shubhasiz, ayol taklif qilganini aniq bilamiz), ularga kerakli shakl berishni boshlagan. Shunday qilib koʻzgular paydo boʻlgan.

Qadimgi Yunoniston, Misr va Rim davrida koʻzgulardan foydalanish keng tarqalib ulgurgan. Oʻsha vaqtlardayoq olib yurishga qulay boʻlgan kichik choʻntak koʻzgulari boʻlgan. Ular dumaloq shakldagi mis, bronza, kumush va oltin plastinkalardan¹ yasalgan.

Bola oʻz aksini koʻrib hayron boʻlganidek qadimgi odamlar ham xuddi shunday hayratlanishgan. Ular tasvir qanday paydo boʻlishini bilishmagani uchun koʻzgu sehrli kuchga ega deb hisoblashgan. Koʻzguda koʻrganlarini oʻzlarining ruhi deb oʻylashgan. Agar koʻzgu sinsa, ruhga zarar yetishi mumkin degan irim-sirim ham shu tarzda paydo boʻlgan.

Simob yoki qalay qatlami bilan shisha koʻzgu yasashni birinchi boʻlib oʻylab topganlar venetsiyaliklar edi. 1300-yilga kelib ular shunday koʻzgularni ishlab chiqarishni boshladilar va tez orada bu koʻzgular metall plastinkalar oʻrnini bosdi. Biz ulardan hozirgi kungacha foydalanmoqdamiz.

Keyingi safar koʻzguga qaraganingizda ushbu maʼlumotlarni esga oling. 


[1] Plastinka — metall, shisha kabi qattiq narsaning yupqa yalpoq parchasi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!