Sovun birinchi marta qachon tayyorlangan?
Sovun birinchi marta qachon tayyorlangan? Sovun haqida ma'lumot
2 min
Tarix

Odamlar o‘ziga zarur va foydali boʻlgan sovunni birinchilardan boʻlib ixtiro qilgan deb oʻylasangiz kerak. Ammo sovun nisbatan yaqinda — atigi 2000 yil oldin paydo boʻlgan desak hayron bo‘lishingiz aniq. ?

Koʻp asrlar oldin odam oʻz terisiga zaytun yogʻini surtib, uni namlantirib yurgan. Yuvinish uchun esa turli oʻsimliklar shirasi (suvi) va kulidan foydalangan. Pliniy (milodiy I asrda yashagan Rim yozuvchisi) davrida sovunning ikki xil — suyuq va qattiq turi paydo boʻlgan. Pliniy ushbu ixtironi soch yuvish vositasi sifatida tasvirlagan va uni yaratgan gallarga¹ hurmat bajo keltirgan.

Fransiyada Pompey xarobalarini qazish vaqtida hozirgi zamonaviy sovunga oʻxshash sovun ishlab chiqarish zavodi topilgan. Biroq hatto yuz yil oldin ham deyarli barcha sovunlar uyda tayyorlangan.

Sovun moy va ishqorning birga qaynatilishidan olinadi. Yirik sovun zavodlarida yogʻ va ishqor avval ulkan qozonlarda qaynatiladi: bu jarayon “sovunlanish” (organik birikmalarning suvda yoki ishqorlarda parchalanishi) deb nomlanadi. Sovun tayyor boʻlgach, qozonga tuz qoʻshiladi. Sovun qozonning yuzasiga koʻtariladi, glitserin, qum va ortiqcha ishqorni oʻz ichiga olgan shoʻr eritma esa pastki qismida qoladi. So‘ng u toʻkib tashlanadi va suv yoki ishqor qoʻshilib, barcha yogʻ sovunga aylangunga qadar jarayon 5 yoki 6 marta qayta takrorlanadi.

Keyin sovunga turli xil tarkibiy qismlar, boʻyoqlar, xushboʻy, yumshatuvchi va himoya qiluvchi moddalar qoʻshilib, bir jinsli modda hosil boʻlguncha koʻpirtiriladi. Soʻngra eritilgan sovundan boʻlaklar, granula va sharchalar tayyorlanadi. Atir sovun maydalanadi, quritiladi va shundan soʻng qogʻozga oʻraladi.

Aytgancha, Osiyo va Amerikaning tropik o‘rmonlarida o‘suvchi g‘aroyib sovun daraxti haqida eshitganmisiz? Uning mevalarida ko‘plab saponin moddasi bo‘lib, u kir ketkazish xususiyatiga ega ekan.


[1] Gallar — miloddan avvalgi V asr boshidan Galliya (hozirgi Fransiya, Belgiya, Shveysariyaning bir qismi, Germaniya va Shimoliy Italiya) hududida yashagan keltlar guruhi qabilalari.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!