Poyabzalni kim o‘ylab topgan?
Poyabzalni kim o'ylab topgan? Oyoq kiyim haqida ma'lumot
3 min
Tarix

Qadimgi odamlar oʻtkir toshlar ustidan oʻtish paytida oyoqlarini himoya qilish uchun biror narsa kiyib olish kerakligini tushunishgan. Shuning uchun ular ixtiro qilgan birinchi poyabzal (ehtimol, shippak) oʻt, charm tasma yoki tekis yogʻoch boʻlaklaridan yasalgan. Ularni oyoq tagiga ip bilan bogʻlab, uchlarini toʻpiq atrofiga oʻrab qoʻyishgan.

Albatta, sovuq mamlakatlarda shippak oyoqlarni sovuqdan himoya qilmagan, shuning uchun unga boshqa materiallarni biriktirishgan, natijada u etikka aylangan.

Etikdan keng foydalanishni birinchi boʻlib misrliklar boshlagan. Taglik charm yoki papirusdan (qamishsimon oʻzimlik) yasalgan boʻlib, oyoqqa ikkita kamar bilan bogʻlangan. Bosh barmoqni himoya qilish uchun etikning uchi yuqoriga qayrilgan.

Rimliklar ham bosonojkani (usti ochiq oyoq kiyim) ixtiro qilib, poyabzallarning rivojiga oʻz hissalarini qoʻshishgan. Uning yon tomonlarida teshiklari va oʻrtada bogʻlangan kamari boʻlgan. Faqat maʼlum bir tabaqa odamlar kiyishiga ruxsat berilgan turli xil bosonojkalar ham mavjud boʻlgan.

Sovuq oʻlkalardagi odamlar bir-biridan mustaqil ravishda issiq poyabzal yaratishni boshlaganlar. Baʼzan ular usti oʻt bilan qoplangan xaltachalarni oyoqlariga bogʻlab kiyib yurishgan. Vaqt oʻtishi bilan eskimos¹ va hindular ular asosida mokasinlarni² ixtiro qilishgan.

Hozirgi poyabzalga oʻxshash oyoq kiyim uzoq yurishlarga borgan salibchilar (Salib yurishlarida qatnashgan Yevropa ritsarlari) tomonidan ixtiro qilingan. Oyoqlarini himoya qilish uchun ularga uzoq vaqt xizmat qiladigan etiklar kerak boʻlgan. Vaqt oʻtishi bilan Fransiya, Italiya va Angliyada turli xil chiroyli charm etiklar yaratilgan.

Modaning talablari poyabzal shakliga katta taʼsir koʻrsatgan. Masalan, ingliz qiroli Jeyms I davrida yuqori tabaqa odamlari juda nozik teridan tikilgan baland poshnali poyabzal kiyishni boshlaganlar. Ularda yurish noqulay boʻlsada, odamlar ularni kiyishda davom etishgan. Baland poshnali poyabzal paydo boʻlishidan oldin uchining uzunligi 12 yoki 15 santimetrgacha boʻlib, yuqoriga qayrilgan ensiz oyoq kiyimlar urf boʻlgan.

Qoʻshma Shtatlarda esa poyabzal tikish sanʼati 1629-yilda Tomas Bird piligrimlar koloniyasi³ aholisiga etik ishlab chiqarish uchun shartnoma asosida kelganida paydo boʻlgan.

Bir qarangchi, hozir qanday oyoq kiyimda ekansiz? Qanday poyabzalda ekaningizdan qatʼiy nazar, endi ularning tarixidan boxabar boʻldingiz. ?


[1] Eskimoslar — Grenlandiya va Nunavutdan (Kanada) Alyaska (AQSh) va Chukotkaning (Rossiya) sharqigacha boʻlgan hududning tub aholisini tashkil etuvchi mahalliy xalqlar guruhi.
[2] Mokasin — usti yopiq oyoq kiyim turi.
[3] Piligrimlar koloniyasi — Shimoliy Amerikada yangi mustamlaka qurish uchun kelgan birinchi ko’chmanchilarning nomi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!