Bosh kiyimlar qanday paydo bo‘lgan?
Bosh kiyim haqida ma'lumot, Panamka qayerda ixtiro qilingan?
3 min
Tarix

Qadimgi inglizchada “xayet” soʻzi “yopish” degan maʼnoni anglatadi. Bu bizga odamlarning nega bosh kiyimlardan foydalanishni boshlaganini tushunishga yordam beradi. Aytgancha, inglizcha “uy” va “kulba” soʻzlari aynan shu oʻzakdan kelib chiqqan.

Dastavval inson boshini yomgʻir, qor, shuningdek, quyosh nurlaridan himoya qilish uchun bosh kiyim kiygan. Shimoliy mamlakatlarda bunday kiyim boshni issiq tutishi uchun teridan qilingan boʻlsa, janubda qamish yoki somondan yasalgan.

Keyinchalik odamlar harbiy dubulgʻani oʻylab topishgan. Turli qabilalarning odamlari ulardan boshni qilich va oʻqlardan himoya qilish uchun foydalangan. Shuning uchun dubulgʻalar metalldan yasalgan. Koʻpgina ibtidoiy qabilalarda dubulgʻa dushmanni choʻchitish uchun qo‘rqinchli koʻrinishga ega boʻlgan.

Vaqt oʻtishi bilan har bir xalqda bezak va turli marosimlar uchun bosh kiyimlarning oʻziga xos uslubi rivojlangan. Masalan, qizil rangga ega feska yoki soyabonsiz fetr qalpoq Gʻarbiy Osiyoning baʼzi mamlakatlarida juda ommabop boʻlgan. Arablar martabaga koʻra turli bezaklar taqiladigan sallani ixtiro qilishgan. Podshoh va malikalarning tojlari ham ularning unvonini bildirgan.

Bosh kiyim ishlab chiqarish bilan atigi 5 yoki 6 asr oldin jiddiy shugʻullana boshlangan. Dastlab qoʻy junidan foydalanilgan, keyinchalik fetr shlyapalarni tayyorlash uchun qunduz yungi ishlatila boshlangan. Vaqt oʻtishi bilan oddiy odamlar ham qalpoq kiyishni boshlagan. Keng soyabonli shlyapalar esa janoblarning timsoliga aylangan.

Baʼzan diniy va siyosiy arboblarning juda gʻayrioddiy bosh kiyimlari boʻlgan. Albatta, rohib va rohibalar maʼlum bir bichimga ega bosh kiyim kiyganini bilasiz. Ammo Oliver Kromvelning izdoshlari boʻlgan puritanlar piramida shakliga oʻxshash “jodugar qalpoqchalar” kiyganini eshitmagandirsiz? Kvakerlar esa keng soyabonli va ustki qismi juda past boʻlgan shlyapalar bilan ajralib turgan.

Aksariyat bosh kiyimlar ularni ixtiro qilgan va kiygan odamlar (masalan, Bolivar) yoki ular kiyilgan joylar (Gamburg) nomi bilan atalgan. Oddiy panamka esa 300 yil oldin Panamada ixtiro qilingan.

O‘zbek adabiyotining betakror asarlaridan biri bo‘lgan “Sariq devni minib” asarini o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Unda Hoshimjon sehrli qalpoqchasi bilan birga juda ko‘p sarguzashtlarni boshidan kechiradi. Xo‘sh, sizning ham ana shunday sehrli qalpoqchangiz bo‘lganida nima qilgan bo‘lardingiz? 

Nega sarguzasht asarlarda ko‘p hollarda bosh kiyimi asosiy detal vazifasini o‘taydi deb o‘ylaysiz?

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!