Tish protezlari qanday paydo bo‘lgan?
Tish protezlari qanday paydo bo'lgan? Tish protezi haqida ma'lumot
2 min
Tarix

Agar tishlaringizdan ayrilsangiz, tashqi koʻrinishingiz yaxshi boʻlishi mushkul. Bundan tashqari bu ovqatlanish va chaynashni anchagina qiyinlashtiradi. Shuning uchun odamlar avvaldan biror sababga koʻra tushgan tishni sunʼiy tish bilan almashtirish mumkinligini tushunishgan.

Tushgan tishni sunʼiy tish bilan almashtirish protezlash deb ataladi. Haqiqiy tishlar tushganda ularning oʻrniga tish protezi yoki “koʻprik” qoʻyiladi. “Koʻpriklar”da “soxta tish” og‘irligi boʻsh joyning ikki yonida joylashgan haqiqiy tishlarga tushadi. Protezlashda esa sunʼiy tish milk yoki uning ostiga oʻrnatiladi.

Tish protezlari va “koʻpriklar” 3000 yil oldinoq etrusklarda¹ “oltin ustalari” tomonidan amalga oshirilgani sizni ajablantirsa kerak. Barcha tishlarini yoʻqotgan odamlar uchun protez yasash esa 300 yil oldin boshlangan.

Uzoq oʻtmishda hal qilinishi kerak boʻlgan eng muhim vazifa — ularni ogʻizga toʻgʻri oʻrnatish va sunʼiy tishlar hamda ular biriktiriladigan poydevorni qaysi materialdan yasash edi.

Zamonaviy stomatologiya bu muammolarni shu qadar muvaffaqiyatli hal qildiki, protezi bor odamlar xuddi biz kabi ovqatlanib chaynay oladi. Sunʼiy tish esa ogʻizda haqiqiydek tabiiy koʻrinadi.

Qadimgi davrlarda sunʼiy tishlar fil suyagi va tishlaridan yasalgan. Hatto begemot tishlaridan ham foydalanishgan! Baʼzida protez butunlayin suyakdan kesib olinib, ogʻizga joylashtirilgan. Keyinchalik odam va boshqa hayvon (ayniqsa, qoʻylar) tishlarini ishlatish boshlangan. Ular oltin yoki fil suyagidan yasalgan poydevorga mahkamlangan.

XVIII asr oxirida chinni tishlar modaga kirgan. Tishlar oltin va platina plastinalarga biriktira boshlangan. Boshqa chinni buyumlar ham xuddi shu materialdan tayyorlangan. U qizil rangda boʻlib, yarim shaffof va juda mustahkam bo‘lgan.

Yuz yil oldin sunʼiy tishlar yuz shakliga moslab tanlangan. Bugungi kunda esa protezlar rangi va shakli jihatidan haqiqiy tishlarga shunchalik oʻxshashki, baʼzida ularni ajratish juda qiyin.


[1] Etrusk — miloddan avvalgi I ming yillikda Apennin yarim orolining (hozirgi Toskana) shimoli-gʻarbiy qismida yashagan sivilizatsiya.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!