Sanchqilar qanday paydo bo‘lgan?
Sanchqilar qanday paydo bo'lgan?
2 min
Tarix

Ovqatlanayotganda sanchqining qoʻpol ko‘rinishidan foydalangan birinchi odam bundan ming yillar avval yashagan boʻlsa kerak. Biroq biz foydalanadigan sanchqi yaqin tarixda ixtiro qilingan.

Ibtidoiy odam goʻsht yeyish uchun sanchqi sifatida kichik ayri novda ishlatgan. Ayrimlarning fikriga koʻra, sanchqi nayza bilan bir vaqtda paydo boʻlgan va u tishkovlagich sifatida ishlatilgan.

Bizga tanish bo‘lgan sanchqilar dastlab faqat ovqat pishirayotganda go‘shtni kesishda uni ushlab turish uchun qoʻllanilgan. Birinchi sanchqilar uzun, ikkita tishli boʻlib, temir, suyak, qattiq yogʻochlardan yasalgan.

Sanchqilar ovqatlanish uchun stolga ancha vaqtdan keyin qo‘yila boshlangan. 300 yil oldin ham sanchqilar Yevropada juda kam uchraydigan buyum boʻlgan. Masalan, Fransiyada odamlar XVII asrgacha qoʻllari bilan ovqatlangan. Ko‘pchiligimiz Lyudovik XIV ning ajoyib saroyi va u yerda uyushtirilgan ziyofatlar haqida eshitganmiz. Lekin bu bashang saroy aʼyonlarining hech biri sanchqi ishlatmaganini bilasizmi?

Baʼzilar sanchqi bilan ovqatlanishni boshlaganida, boshqalar ularning haddan tashqari nazokatliligi ustidan hazil qilgan. XI asrda venetsiyalik bir boy xonim oʻziga kichik oltin sanchqi buyurtma berganida, u haqida: “Boshqalar kabi ovqatlanish oʻrniga u ovqatni mayda boʻlaklarga kesib, ikki tishli sanchqi bilan yeyishi kerak” deb kesatib yozishgan edi.

500 yil oʻtib, XVI asrda ham Venetsiyada sanchqilardan foydalangan kishilarni gʻalati odamlar sifatida masxara qilishda davom etishgan: “Venetsiyada har bir kishiga pichoq va qoshiqdan tashqari, goʻshtni kesishda ushlab turish uchun sanchqi ham beriladi. Chunki ular goʻshtga qoʻlini tekkizishni odobsizlik deb biladi”.

XVII asrdan boshlab stolda oʻzini tutish qoidalari hozirgilarga oʻxshay boshladi. Kumush sanchqilar butun Italiya boʻylab tarqaldi. XVIII asrning oxiriga kelib esa sanchqilar madaniyatli odamlarning uyida zaruriy buyumga aylandi.

Mehmonga borganda go‘sht bo‘lagini kesib yeyishingizga to‘g‘ri kelsa, sanchqini chap, pichoqni o‘ng qo‘lingizda ushlashni unutmang. Bu sizning ovqatlanish odobingizni bildiradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!