Qahva qanday kashf qilingan?
Qahva qanday kashf qilingan?
3 min
Tarix

Qahvaning kelib chiqishi haqida koʻplab fikrlar mavjud. Birinchi marta bir finjon (dastali piyola, chinni krujka) qahva ichib, hayajonni his qilgan insoning kim ekanligini hech kim bilmasa kerak. 

Bir afsonaga koʻra, ming yillar avval bir abissiniyalik habash yongan yovvoyi butadan yoqimli hid taralayotganiga eʼtibor bergan. Habash butaning bir nechta mevasini chaynab koʻrgan va unga mevaning taʼmi shunchalik xush kelganidan ulardan ichimlik tayyorlagan. Shu tariqa qahva kashf qilingan.

Abissiniyaliklar — Sharqiy Afrikada qahvaning mazasi xush kelgan ilk xalqlardan biri. XV asrgacha aynan oʻsha yerda qahva daraxtlari oʻsgan. Keyinchalik Arabistonga keltirilgan. Keyingi 200 yil ichida esa qahva daraxtlari Yamandan butun dunyoga tarqaldi.

XVII asrda Daniya davlati Yava orolida qahva yetishtira boshladi. Qahva koʻchatlari bir necha tropik oʻlkalarga tezlik bilan tarqaldi. Inglizlar uni Yamayka orolidan olib, keyinchalik Markaziy va Janubiy Amerikaga olib bordi. Shu tariqa qahva Yevropa hamda Amerikada juda ommalashib ketdi.

Qahva koʻchatlari tropik iqlimli mamlakatlarda oʻsa boshlagan boʻlsa-da, ular ancha issiq va quruq iqlimli hududlarda yaxshiroq oʻsadi. Bunday yer va iqlim Braziliya togʻ yonbagʻirlarida topilgan. Shuning uchun hozirda butun dunyo qahva yetishtirishning ¾ qismi Braziliya hududiga toʻgʻri keladi.

U yerda dunyodagi eng yirik qahva plantatsiyalari (faqat bir turdagi ekin ekilgan katta yer maydoni) boʻlib, baʼzilarida millionlab qahva daraxti bor. Hudud uzunligi esa koʻplab kilometrlarga choʻziladi. Qahva Venesuela, Kolumbiya, Gvatemala, Meksika va Gʻarbiy Hindistonning baʼzi hududlari hamda Yava orolida koʻp miqdorda yetishtiriladi.

“Mokko” va “Yava” nomlari avval qahva yetishtiriladigan hudud nomini bildirgan. Hozir vaziyat oʻzgarib, bu nomlar faqat qahva turini bildirmoqda. Masalan, shu har ikki qahva “Rio” va “Santos” kabi qahva turlari bilan birga Braziliyada yetishtiriladi. Qahva eksport qilinadigan dunyodagi eng yirik port — Santos ham Braziliyada joylashgan.

Yanchilmagan qahva gilos urugʻiga oʻxshaydi. Bu meva yaltiroq barglari bor baland butalarda oʻsadi. Mevada bitta yoki bir-biriga silliq tomoni bilan yopishib turgan ikkita danak hosil boʻladi.

Yovvoyi qahvaning tropik oʻlkalarda oʻsadigan 25 turi boʻlsa-da, ulardan faqat ikkitasigina qovurilganda yoqimli hid taratadigan meva soladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!