Kim birinchi bo‘lib saqich chaynagan?
Kim birinchi bo'lib saqich chaynagan? Saqich haqida ma'lumot
2 min
Tarix

Odamlar nega saqich chaynaydi? Bu ularning tinchlanib orom olishiga yordam beradi. Bugungi kunda biz undan tez-tez foydalanamiz. Ammo hali saqich ixtiro qilinmagan davrda ham odam tinchilanish uchun biror narsa chaynashni xohlagan. Shuning uchun turli mamlakatlarda odamlar yelim, barg hatto oʻtlarni chaynashgan.

Saqich tabiiy kauchuk¹ va boshqa elastik materiallardan tayyorlanadi. Odamlar kauchukni yuzlab yillar davomida chaynab kelmoqda. Mayya² va Markaziy Amerikaning aholisi birinchi oq tanlilar kelishidan bir necha ming yil oldin kauchuk chaynashgan. Yangi Angliyadagi hindular archa yelimini chaynashgan va amerikalik mustamlakachilar ularning bu odatini oʻzlashtirib olishgan. XIX asr boshlarida AQShda sotilgan birinchi saqich archa yelimidan tayyorlangan.

XIX asrning 60-yillarida saqich uchun asos sifatida kauchuk qoʻllana boshlandi. U chaynash uchun qulay va hidlarni ushlab qolardi. Natijada saqich sezilarli darajada ommabop boʻldi.

Bugungi kunda saqich 20% elastik asosdan, 19% makkajoʻxori siropi, 6% shakar va 1% xushboʻy moddadan iborat. Uni yanada elastik qilish uchun aralashmaga 25% gacha sutsimon shira yoki boshqa shunga oʻxshash moddalar qoʻshiladi. Bu mahsulotlar tropik oʻrmonlarda oʻsadigan yovvoyi daraxtlardan olinadi. Daraxtning tilingan poʻstlogʻidan sizib chiqadigan sutsimon shira idishlarga yigʻib olinadi. Sharbat yigʻilgach, qaynatiladi va quyuqlashganidan soʻng unga kub shakli beriladi.

Saqich tayyorlash uchun asosiy tarkibiy qismlar yuviladi, maydalanadi, sterilizatsiya (tozalash jarayoni) qilinadi va aralashtiriladi. Aralashma tayyorlanadigan qozonlarda eritilgan asosga makkajoʻxori siropi, shakar va xushboʻy modda qoʻshiladi. Keyin tayyor aralashma yoyiladi va bizga tanish plastinka yoki kub shaklida kesiladi. Qalampirmunchoq va yalpizdan olinadigan efir moyi asosiy xushboʻy modda hisoblanadi. Bitta saqich plastinkasida taxminan 9 kaloriya bor.


[1] Kauchuk — rezina va rezina buyumlari tayyorlashda ishlatiladigan elastik (egiluvchan) material.
[2] Mayya — yozuvi, sanʼati, meʼmorchiligi, matematik va astronomik tizimlari bilan mashhur boʻlgan qadimgi Mezoamerika sivilizatsiyasi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!