Tamaki chekish qachondan boshlangan?
Tamaki chekish qachondan boshlangan?
2 min
Tarix

Tamaki bu — yangi dunyo eskisiga taqdim etgan muhim “sovgʻa”lardan biri. Yevropaliklar ming yillar davomida Amerika kashf etilgunga qadar chekmay yashagan. Birinchi boʻlib Shimoliy va Janubiy Amerika hindulari tamaki yetishtira boshlagan. Shimoliy Amerikada hindular tamakidan koʻplab marosimlarda foydalangan. Masalan, “tinchlik trubkasi” chekilishini bir eslaylik…

Tamakining butun Yevropaga tarqalishining asosiy sababi shundaki, undan dastlab tibbiy maqsadlarda foydalanilgan. Tamaki Yevropada paydo boʻlishi bilanoq, dunyoning koʻp joylarida yetishtirila boshlandi. 1556-yil tamaki birinchi marta Fransiyaga, 1558-yil Portugaliya, 1559-yil Ispaniya va 1565-yilda Angliyaga keltirilgan. Bundan tashqari, ushbu mahsulot 1558-yilda Kuba va 1612-yilda Virginiya shtatidagi Jeymstaunda yetishtirila boshlangan.

Qizigʻi shundaki, tamaki mamlakatga birinchi marta olib kirilganida, har kim ham uni chekishni maʼqullamagan. Bir paytlar turklar tamaki chekkani uchun oʻlim jazosi bilan tahdid qilgan, rus podshosi esa ashaddiy kashandalarning burun teshiklarini yirtib, keyin ularni kaltaklab, Sibirga surgun qilishni buyurgan. Shubhasiz, bugungi kunda tamaki dunyoning deyarli har bir burchagida chekiladi.

Hozirda tamaki ishlab chiqarishda Amerika Qoʻshma Shtatlari yetakchilik qilmoqda. Tamaki asosan mamlakatning sharqiy yarmida oʻsadi. Tamaki navlari turli xil maqsadlarda ishlatiladi. Chunki maʼlum turdagi aralashmalar muayyan hidlarni olish uchun muhimdir. Sigaretalar Virginiya va Karolinada yetishtiriladigan yashil-sargʻish va dorivor tamakidan tayyorlanadi. Ular koʻpincha turk navlari kabi bir qator boshqa navlar bilan aralashtiriladi. Kentukki va Tennessi shtatlarida yetishtiriladigan tabak trubkada chekish va chaynash uchun ishlatiladi. Sigaralar esa yana boshqa navlardan tayyorlanadi.

Tamaki inson salomatligiga juda katta ziyon keltirishini doimo yodda tuting!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!