Olov qanday paydo bo‘lgan?
Olov haqida ma'lumot, Eskimoslar olovni qanday paydo qilgan?
3 min
Tarix

Olov odamzodga qadim zamonlardan maʼlum boʻlgan. Yuz minglab yillar oldin qadimgi odamlar yashagan Yevropadagi baʼzi gʻorlarda toshlar orasidan topilgan koʻmir parchalari va kuygan suyaklar bu joylarda olov yoqilganini koʻrsatadi. ?

Odamlar gulxan yoqishni qanday oʻrgangan? Biz buni faqat taxmin qila olamiz. Ibtidoiy inson avval olovdan foydalanishni oʻrganib, shundan keyingina uni qanday usulda olishni oʻrgangan boʻlishi ham mumkin. Masalan, chaqmoq quruq daraxtni yondirishi, yogʻoch esa tutashni boshlagan boʻlishi mumkin. Undan odam gulxan yoqib olib, uni bir necha yil davomida saqlashi mumkin edi.

Gʻor odami qanday qilib olov yoqishni oʻrganib olgani haqida ham aniq ma’lumot ayta olmaymiz. Balki, qorong‘ida toshlarga qoqilib yurgan ibtidoiy odam bir toshning boshqasiga urilganida paydo boʻlgan uchqunlarni payqagandir. Biroq olov hosil qilish uchun ikkita toshni bir-biriga urish gʻoyasi kimningdir xayoliga kelguniga qadar, ibtidoiy odamlarning bir necha avlodlari almashgan boʻlsa kerak.

Ibtidoiy odam qanday qilib olov yoqishni oʻrganganini bilishning yana bir usuli ham bor. Taraqqiy qilmagan odamlar buni qanday bajarishini hozirgi vaqtda kuzatishimiz mumkin. Ularning ba’zilari bizning uzoq ajdodlarimiz ming yillar oldin boʻlgan rivojlanish bosqichida yashaydi. Keling, olov olishning ayrim sodda usullarini koʻrib chiqaylik. Alyaskada ayrim qabila hindulari ikkita toshga oltingugurt surtib, ularni bir-biriga uradi. Oltingugurt yongach, yonayotgan toshni quruq oʻt yoki boshqa quruq narsaga tashlaydi. 

Xitoy va Hindistonda singan sopol buyum boʻlagi bambuk tayoqqa uriladi. Bambukning tashqi qobigʻi juda qattiq boʻlib, pilikning barcha xususiyatlariga ega. Eskimoslar oʻzi yashaydigan joylarda keng tarqalgan oddiy kvars boʻlagini pirit (temir kolchedani) ga uradi. Shimoliy Amerika hindulari olov olish uchun ikkita tayoqchani bir-biriga ishqalaydi.

Qadimgi Yunoniston va Rimda esa butunlay boshqacha usul qoʻllanilgan. Buning uchun ular quyosh nurini bir nuqtada toʻplaydigan va “yondiruvchi shisha” deb nomlangan maxsus linzalardan foydalangan. Bir nuqtaga toʻplangan nurning issiqligi quruq yogʻochni yondirgan. Qadimgi davrlarda koʻplab xalqlar “abadiy olov”ni saqlagan. Xususan, Meksikadagi maya va asteklar abadiy yonib turadigan olovni, yunon, misr va rimliklar esa ibodatxonalarida abadiy olovni saqlagan.

Tasavvur qiling, uyingizda olov yoqish uchun hech narsa topa olmay qolsangiz, gugurt ham, gaz ham, chaqmoqtosh ham bo‘lmasa, olov hosil qilish uchun nima qilgan bo‘lardingiz?

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!