Sham qayerda ixtiro qilingan?
Qadimgi shamlarda zaharli moddalar bo'lganmi?
2 min
Tarix

Odamlar ishlatgan birinchi yoritish moslamasi gulxandan olingan yonib turgan tayoq boʻlgan. Birinchi chiroq vazifasini esa chuqurchali tosh, chigʻanoq yoki bosh suyagi o‘tagan. Ularga yoqilgʻi sifatida hayvon yoki baliq moyi toʻldirilib, shakarqamish, qamish va yogʻoch tolasidan toʻqilgan chilvirdan pilik o‘rnatilgan.

Shamlar ancha yillar oldin paydo bo‘lgan. Biroq o‘sha vaqtda ular oʻrtasiga yogʻoch tolasi yoki oʻralgan mato joylashtirilgan mum kabi boshqa yogʻli moddalardan yasalgan, qoʻpol silindr shaklida boʻlgan. Asalari mumidan tayyorlangan shamlar haqidagi bitiklar esa hatto Rim mualliflari qoʻlyozmalarida ham uchraydi.

Shamlarning sifati koʻp yillar davomida o‘zgarmas boʻlib kelgan. XIX asr oʻrtalarigacha sham yasash uy bekalarining vazifasi edi. Qoʻy yoki buqalardan olingan yogʻni sham tayyorlash uchun katta idishlarda eritishgan.

Shamning oʻzidan ikki baravar uzunroq boʻlgan paxtadan tayyorlangan ip novdaga osilgan va uchlari bir-biriga oʻrilgan. Bu iplar eritilgan yogʻga botirib olinib, sovutilgan va bu jarayon bir necha marta takrorlangan. Yogʻ qatlami kerakli qalinlikka yetganda, sham tayyor boʻlgan. Ba’zida eritilgan yogʻ ichida pilik bo‘lgan silindrsimon qoliplarga quyilgan, lekin shamlar koʻpincha botirish yo‘li bilan tayyorlangan.

Sham ishlab chiqaruvchi zamonaviy zavodlar ularning sifatini sezilarli darajada yaxshilagan. Hozirgi vaqtda pilik boʻsh eshilgan paxta ipidan tayyorlanadi va asalari mumi, parafin, yogʻ va boshqa yogʻli moddalardan foydalaniladi.

Shamga iloji boricha koʻproq yorugʻlik beradigan va kamroq dud (qurum) chiqaradigan tarzda ishlov beriladi. Yogʻda glitserin boʻlgani sababli qadimgi davrlardagi shamlar juda koʻp tutun va yoqimsiz hid chiqargan. Zamonaviy ishlab chiqaruvchilar esa undan qutulish yoʻlini oʻylab topgan.

Bugungi kunda shamlardan ko‘proq yoritish maqsadida emas, turli bayramlarda bezak uchun foydalanilmoqda. Tug‘ilgan kuningizda tort ustidagi shamni puflab o‘chirish sizga ham yoqsa kerak-a?!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!