20.02.2024
Buzilgan joy, chorraha, burilish, yaqin atrofdagi shahar va markazlar haqida hech qanday ogohlantirish belgilari boʻlmagan avtomagistral yo‘lni tasavvur qila olasizmi? Tabiiyki, dengiz yoʻllari ham xuddi shunday belgilarni talab qiladi va mayoq ulardan biridir. Uning nuri dengizchilarga portga boradigan yoʻlni koʻrsatadi, dengizdagi oʻrnini aniqlashga yordam berib, dengizchilarni xavfli rif (suv ichidagi qoya) va qoyalar haqida ogohlantiradi.
Dastlabki mayoqlar tepasiga yonayotgan yogʻoch yoki koʻmir solingan metall savat oʻrnatilgan kichik minoralar boʻlgan. Ehtimol, ular odamlar dengizga chiqishni boshlaganida, ya’ni ming yillar oldin paydo boʻlgandir. Ularning qachon paydo boʻlganini taxmin qila olamiz xolos. Ammo miloddan avvalgi VII asrda Gellespont yaqinidagi Sigeum burnida mashhur mayoq boʻlgani aniq. Qadimgi davrlarning eng mashhur mayogʻi Misrning Iskandariyasidagi oʻzi joylashgan orol sharafiga nomlangan Faros marmar mayogʻi bo‘lgan. Bugungi kunda uning qiymati 1 million dollarga baholangan boʻlar edi. U dunyoning yetti mo‘jizasidan biri sifatida tan olingan. Miloddan avvalgi III asrda mayoq tepasida porlagan yogʻdu kemalar uchun Iskandariyaga yoʻl koʻrsatgan.
Rimliklar hozirgi Fransiya hududidagi Bulonda XVII asrgacha ishlagan mayoqqa o‘xshash koʻplab mashhur mayoqlarni qurgan. Lekin ularning mayoqlari kichik va zamonaviylari kabi mukammal bo‘lmagan. Hozirgi vaqtda dengiz qirgʻogʻiga ega boʻlgan har bir mamlakat hukumatda mayoqlar qurish va ulardan foydalanish masalalari bilan shugʻullanadigan komissiyaga ega.
Quruqlikda qurish mumkin boʻlgan mayoqning dizayni juda oddiy va bu unchalik qimmatga tushmaydi. Ammo u doimiy ravishda toʻlqinlar urilib turadigan qoya, bilqillama qumloq yoki sayoz qirgʻoqlarga qurilganida, murakkab muhandislik muammolarini hal qilish kerak bo‘ladi.
Mayoq minorasi granit kabi qattiq toshdan qurilgan, tosh bilan qoplangan yoki temir-beton konstruksiyadan iborat boʻlishi mumkin.
To‘g‘ri, hozirgi texnika asrida dunyoning istalgan manzilini internet orqali bilish mumkin bo‘lgan davrda mayoqlar nega kerak dersiz. To‘rt tomoningiz suv bilan o‘ralgan ummon o‘rtasida internetsiz, aloqasiz qolib ketsangiz, yo‘lni topishingiz uchun mayoq qanchalik yordam bergan bo‘lardi?
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.