Yulduzlar qanday paydo bo‘lgan?

Ilm-fan nuqtayi nazaridan koinot qanday paydo boʻlgani haqidagi savolga javob yoʻq. Bu haqda juda koʻp turli xil ilmiy nazariyalar mavjud. Ammo savolga haligacha javob topilmagan. Shunday boʻlsa ham, biz ushbu nazariyalarni yulduzning hayot tarixini tushuntirish uchun koʻrib chiqamiz.

Yulduz — bu nur taratadigan samoviy jism. Bilganingizdek, sayyoralar faqat aks etuvchi nur sochadi. Sayyoralar porlaydi, yulduzlar esa miltillaydi. Bu miltillash Yer va yulduzlar oʻrtasidagi havo tebranishlari tufayli koʻrinadi. Oʻzgaruvchan havo yulduzdan kelayotgan yorugʻlik nurini ogʻdiradi va u titrayotganga oʻxshaydi.

Yulduzlar hajmi, zichligi va harorati jihatidan tubdan farq qiladi. Bir tarafda Quyoshimizdan (u ham yulduzdir) bir necha baravar katta va “qizil supergigantlar” deb nomlanadigan yulduzlar bor. Shuningdek, baʼzilarining hajmi sayyoramizning kattaligiga teng “oq mitti”lar deb ataladigan yulduzlar bor. Supergigantlarning zichligi biz nafas olayotgan havodan 1000 baravar kam. Oq mittilarniki esa yuz minglab marta zichroq.

Bir nazariyaga koʻra, yulduz hayoti davomida ikki bosqichdan oʻtadi. Unga koʻra, yulduzlar kosmik chang bulutlaridan hosil boʻlgan. Zarralar bir-biriga tortilgani uchun bulut siqiladi. Asta-sekin bu holat gazsimon boʻlib, porlay boshlaydi va qizil supergigant paydo boʻladi.

Siqilish davom etadi, natijada yulduz hajmi va harorati boʻyicha Quyoshga tenglashadi. Bu “oʻrta yulduz” holatida milliard yillar davomida qolib, doimo energiya taratib turadi. Vodorod ogʻirroq elementga aylanganda energiya ajralib chiqadi.

Vodorod zaxirasi deyarli tugab boʻlganda yulduz parchalanadi. Portlashlar sodir boʻladi hamda yulduz oq mittiga aylanadi. Vaqt oʻtishi bilan energiya zaxiralari tugagach, yulduz yorqinligini yoʻqota boshlaydi va oxir-oqibat porlashdan toʻxtaydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!