Atomni kim kashf qilgan?
Atom nazariyasi kimga tegishli? Atom tarkibida nechta zarrachalar bo'ladi?
2 min
Tarix

Qadimgi yunonlar barcha narsalar atomlardan iborat deb hisoblagan. Aslida “atom” yunoncha soʻz boʻlib, “boʻlinmas” degan maʼnoni anglatadi. Chunki yunonlar biron bir narsa imkoni qolmaguncha boʻlinsa, oxirida atom qoladi deb oʻylagan. Yunonlar buni bilgan boʻlsa ham, atomni aynan ular kashf etgan deb aniq ayta olmaymiz. Chunki ularning atomga boʻlgan ishonchi ilmiy asoslanmagan, yaʼni ularda hech qanday ilmiy maʼlumotlar yoʻq edi. Bu shunchaki borliq va dunyo haqidagi “falsafiy” gʻoya boʻlgan xolos.

Atom ilmiy tadqiqot va nazariyalar asosida kashf etilgan. Taxminan XIX asr boshlariga qadar materiya (kishi ongidan tashqaridagi obyektiv borliq) yoki moddaning nimadan tashkil topgani haqidagi gʻoya faqat faylasuflar tomonidan koʻrib chiqilgan. Keyin ingliz kimyogari va matematigi Jon Dalton paydo boʻlgan. U 1803-yil atom ilmiy nazariyasini birinchi boʻlib ishlab chiqdi.

Dalton tirishqoq tajribachi boʻlgan. U koʻplab gaz namunalarini tortib oʻlchab, ular massasidagi farqni, tajribalari davomida esa gaz ham qattiq va suyuq modda singari nihoyatda mayda zarrachalardan tashkil topganini aniqlagan. Soʻng ularni “atom” deb atagan. U oʻziga tanish elementlar (kimyoviy usullar bilan tarkibiy qismlarga ajralmaydigan eng sodda modda) atomlarining nisbiy massasini hisoblab chiqqan. Dalton turli element atomlari har xil xususiyat va massalarga ega ekanini aniqlagach, atom haqidagi ilmiy bilimlarga asos solgan.

Albatta, atom nima va u qanday ahamiyatga ega ekani haqida aniq izohlar hali boʻlmagan. Deyarli 100 yil oʻtgach, boshqa bir ingliz olimi Ernest Rezerford Quyosh tizimi tavsifiga oʻxshash, ya’ni manfiy zaryadlangan elektronlar bilan oʻralgan va markazida musbat zaryadlangan ogʻir yadro boʻlgan atom nazariyasini asoslab berdi.

Bugungi kunda olimlar atom elektron, proton, neytron, pozitron, neytrino, mezon va giperon kabi zarralardan iborat deb mulohaza qilmoqda. Umuman olganda, ular tomonidan atom tarkibida 20 dan ortiq zarracha kashf qilindi. Biroq shunga qaramay haligacha atom haqida toʻliq tushuncha mavjud emas.

Tanangizda milliarddan ham koʻp atom borligini bilasizmi?

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!