20.02.2024
Purkagich (sprinkler) — oʻz atrofida aylanib suv sepadigan maysazorlarni sugʻorish moslamasining ishlashini hech kuzatganmisiz? Agar kuzatgan boʻlsansiz, siz raketaning ishlash prinsipini ham amalda koʻrgansiz.
Sprinklerdagi suv bir tomonga kuch bilan otilib chiqadi va bu kuch uning oʻzini qarama-qarshi tomonga itaradi. Raketadagi tez yonuvchan yoqilgʻi yoki portlovchi modda ham bir yoʻnalishda bosim oʻtkazadi va bu raketaning teskari yoʻnalishda harakatlanishiga olib keladi.
Biz raketalar davrida yashayapmiz va ular zamondoshlarimiz tomonidan ixtiro qilingan deb o‘ylashingiz mumkin. Aslida reaktiv prinsip ancha oldindan maʼlum boʻlgan. Hatto xitoyliklar 800 yildan koʻproq vaqt ilgari mushakbozlik uchun raketalardan foydalangan. Keyinchalik ular Hindiston va Arab mamlakatlarida mashhur boʻla boshlagan. Gʻarbiy Yevropada raketalar haqida birinchi eslatmaning paydo bo‘lishi 1256-yilga toʻgʻri keladi.
Raketalarning harbiy sohada qoʻllanishiga kelsak, dastlab ular yondiruvchi oʻqlar oʻrnini egallagan: ular bilan yoqib yuborish uchun uylar nishonga olingan. So‘ngra harbiylar va dengizchilar raketalardan signal berish uchun foydalanishni boshlagan, ammo uzoq vaqt davomida ular urushda qoʻllanmagan.
1802-yilda Britaniya armiyasining kapitani Hindistondagi ingliz kuchlariga raketalar bilan hujum qilingani haqida oʻqib qolgan va bu ularni qirollik armiyasida sinab koʻrish gʻoyasiga olib kelgan. Tajriba shu qadar muvaffaqiyatli boʻlganki, tez orada Yevropa mamlakatlari va Qoʻshma Shtatlarning aksariyat qoʻshinlari jangovar raketalardan foydalanishni boshlagan.
Yevropada raketalar Napoleon magʻlubiyatga uchragan Leypsig jangida ishlatilgan. Qoʻshma Shtatlarda inglizlar Baltimor portidagi Makgenri fortini¹ bombardimon qilish uchun jangovar raketalardan foydalangan. Shuning uchun ham AQSh milliy madhiyasida raketaning toʻq qizil shuʼlasi haqida soʻzlar bor.
Biroq XIX asr davomida artilleriya tobora kuchliroq va aniqroq qurolga aylanib, raketalarni siqib chiqara boshladi. Natijada ular yana harbiy ahamiyatini yoʻqotdi. Bu holat Ikkinchi jahon urushi vaqtida nemislarning mashhur Fau-2 raketasi paydo boʻlishiga qadar davom etgan.
Nima bo‘lganda ham raketa insoniyatning eng yaxshi kashfiyotlaridan biri va u qayerlarnidir vayron qilishi emas, balki taraqqiyotga xizmat qilishi lozim. Shunday emasmi?! ?
[1] Fort — kichik qalʼa, qoʻrgʻon.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.