20.02.2024
Erkin aylanishi uchun sterjen ustiga oʻrnatilgan magnit oʻq — kompasning eng oddiy koʻrinishi. Bunday kompas oʻqi Yerning shimoliy magnit qutbi boʻlgan “Shimol”ga ishora qiladi. Uning joylashuvi maʼlum boʻlgani sababli yer, quruqlik va suvdagi barcha nuqtalar xaritada unga muvofiq koʻrsatiladi. Shuning uchun kompas Yerdagi hamma joyda sayohatchilar uchun yoʻlboshlovchi boʻla oladi.
Erkin aylana oluvchi magnitlangan temir oʻq har doim shimoliy yoʻnalishni koʻrsatishini birinchi marta qanday va qachon aniqlanganini hech kim bilmaydi. Bir paytlar bu kashfiyot taxminan 4500 yil oldin xitoyliklar tomonidan kashf etilgan deyilgan. Ammo hozirda ushbu faraz shubha ostida qolmoqda. Shunday boʻlsa-da, xitoyliklar — kompas tamoyilini bilgan birinchi odamlar.
Arab savdogarlari ulardan oʻrganib, kompasni Yevropaga tanishtirgan. XII asr davomida kompas Yevropada ancha yaxshi tanilgan. Kompasning eng qadimgi turi idish ichidagi suvda suzib yuradigan yogʻoch taxta boʻlakchasiga oʻrnatilgan magnitlangan oʻqdan iborat edi. Keyingi bosqichda idishning pastki qismidagi oʻq ustiga oʻrnatilgan ignadan foydalanilgan.
Birinchi kompaslarning maqsadi faqat shimoliy va janubiy yoʻnalishni aniqlash edi. Buning uchun idish shimolni koʻrsatuvchi oʻq uchi uning ustidagi shimol belgisiga toʻgʻri kelgunicha aylantirilgan. Keyingi qurilmalarda dunyoning barcha tomonlari koʻrsatilgan belgi oʻqning oʻziga biriktirila boshlangan.
Maʼlumki, shimoliy magnit qutb va Shimoliy qutb bir-biriga toʻgʻri kelmaydi, yaʼni bir joyda emas. Shimoliy magnit qutb Shimoliy Amerikaning Arktika sohilidagi eng shimoliy nuqtasi — Butiya yarim orolida joylashgan. Shimoliy yarimshardagi barcha kompas oʻqlari shu nuqtaga ishora qiladi.
Qadimgi xalqlar shimoliy magnit va geografik qutblar oʻrtasidagi farqni bilmagan. Ular ikkalasidan ham uzoqda boʻlgani uchun kompas oʻqi doim shimolga ishora qiladi deb o‘ylagan. Keyinchalik uyidan uzoqroqqa suzib keta olgan dengizchilar bu farqni payqagach, bu yangilikdan ularning boshi qotgan. Grenlandiya atrofidagi Arktika dengizi boʻylab sayohat qilgan qadimgi skandinaviyaliklar (Skandinaviya hududida yashagan qadimgi qabila) baʼzi nuqtalarda kompas oʻqi deyarli gʻarbga ishora qilayotganini bilib, hayratda qolishganini tasavvur qiling-a?!
Siz kompasdan foydalanganmisiz? Telefonga oʻrnatib, foydalaniladigan kompaslarni tasvirlab bering.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.