Mikroskop muallifi kim?
Mikroskop nima? Mikroskop haqida ma'lumot
2 min
Tarix

Borliqda oddiy ko‘z bilan ko‘ra olmaydigan mayda narsalar ko‘p. Ularni faqat mikroskop orqali ko‘rish mumkin. ?

“Mikroskop” yunoncha “mikros” — “kichik” va “skopos” — “kuzatuvchi” soʻzlarining birikmasi bo‘lib, “kichkina narsani kuzatuvchi” degan maʼnoni anglatadi. U koʻzga koʻrinmaydigan, mayda narsalarni koʻrish uchun ishlatiladigan asbobdir.

Odatda obyekt inson koʻziga qanchalik yaqin boʻlsa, shunchalik katta koʻrinadi. Ammo obyekt 25 santimetr masofaga yaqinlashtirilsa, u noaniq koʻrinadi. Bu holatda u fokusga tushmagan hisoblanadi. Koʻz va obyekt oʻrtasiga qavariq linza qoʻyilsa nima yuz beradi? Unda obyektni koʻzga 25 santimetrdan yaqinga keltirish mumkin bo‘ladi va fokusga ham tushadi.

Bugungi kunda uni shunchaki “kattalashtiruvchi oynadan foydalanish” deb taʼriflaymiz. Lekin oddiy kattalashtiruvchi oynalar aslida oddiy mikroskoplardir va ular qadim zamonlardan beri maʼlum boʻlgan. Shuning uchun mikroskop ixtirosi haqida gapirilganda murakkab mikroskop nazarda tutiladi.

Unda murakkab mikroskop nima? Ushbu turdagi mikroskopda kattalashtirish ikkita linza tufayli ikki bosqichda sodir boʻladi. “Obyektiv” deb nomlanadigan birinchi linza dastlabki kattalashtirilgan tasvirni yaratadi. Ikkinchi “okulyar” linza esa birinchi tasvirni kattalashtiradi.

Hozirgi mikroskoplarda ham obyektiv, ham okulyar uchun ishlatiladigan bir nechta linzalar bor. Eng muhimi shundaki, bu mikroskoplarning barchasi tasvirni ikki bosqichli kattalashtirish prinsipiga asoslanadi. Murakkab mikroskop 1510- va 1610-yillar oraligʻida kashf etilgan. Ushbu kashfiyot muallifi haqida aniq maʼlumot yoʻq, biroq taxminlarga koʻra uning muallifi Galiley deb taxmin qilinadi. Baʼzan bu asbob bilan qilgan ko‘plab kashfiyotlari tufayli daniyalik olim Levengukni “mikroskop otasi” deb aytishadi.

Levenguk uzuntumshuq qoʻngʻiz, burga va boshqa mayda jonzotlar “oʻz-oʻzidan tugʻilmay”, balki tuxumdan chiqishini koʻrsatib bergan. U bir hujayrali organizm va bakteriyalar kabi mikroskopik hayot shakllarini koʻrgan birinchi kishi boʻlgan. Oʻz qoʻli bilan yaratgan mikroskop yordamida birinchi boʻlib qon aylanish jarayonini toʻliq koʻrgan.

Bugungi kunda insoniyatning deyarli har qanday fan va sanoat sohasida mikroskopsiz ishlashi qiyin.

Agar siz hujayrani o‘rganuvchi ayrim biologlarni uchratsangiz va ular bilan ishida yoqtirgan narsalari haqida gaplashsangiz, bir umumiylikni topishingiz mumkin — ularning barchasi mikroskop ishqibozlari.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!