20.02.2024
Bugun eng qulay transport vositasi hisoblanuvchi velosiped tarixi haqida maʼlumot beramiz.
Velosipedning kelib chiqishini aniqlashga harakat qiladigan boʻlsak, ming yillar orqaga — qadimgi Misrga qaytishimizga toʻgʻri keladi. Misrliklarda odam oyogʻi bilan harakatga keltiriladigan ikki gʻildirakli mexanizm boʻlgani haqida dalillar mavjud. Ammo amalda keng foydalanilgan velosipedning birinchi modellari 1817-yilda paydo boʻlgan. Aynan oʻsha paytda Germaniyada baron fon Drez oʻz sharafiga “drezina” deb atagan mexanizmni jamoatchilikka taqdim etgan. Drezinaning ikki gʻildiragi yogʻoch boʻlagi bilan birlashtirilgan. Kishi oldinga engashib, chap va oʻng oyogʻi bilan navbatma-navbat yerdan itarilib, drezinani oldinga harakatlantirgan. Uni boshqarish uchun esa oldingi gʻildirak oʻqiga oʻrnatilgan tutqichni buragan.
Narxining yuqoriligi tufayli ushbu mexanizm “bashang ot” (birinchi darajali ot) laqabini olgan. Aytgancha, ingliz qiroli Georg IV unda uchishni yoqtirgan.
Taxminan 1840-yilda shotlandiyalik Makmillan eski “bashang ot” ni olib, orqa gʻildirak oʻqiga dastaklar oʻrnatgan. Ular uzatma sterjenlar orqali tepkilarga ulangan. Makmillan uni shu qadar tez haydaganki, hatto katta tezlik uchun hibsga ham olingan.
“Velosiped” nomi birinchi marta 1865-yilda fransuz Lalemen “bashang ot”ga juda oʻxshash mexanizmning old gʻildiragiga dastak va tepkilarni biriktirganda paydo boʻlgan. Ushbu velosipedlarga hazil sifatida “drandulet” (shaloq arava) deb laqab qoʻyilgan, chunki ular ogʻir yogʻoch ramasi va temir gʻildirak toʻgʻinlari tufayli harakat vaqtida juda kuchli silkingan. 1868-yilda sim kegayli va katta rezina shinali yengil metall gʻildiraklardan foydalanish boshlangan. Bu velosipedlarning barchasida gʻildiraklar bir xil oʻlchamda boʻlgan.
Koʻp oʻtmay velosipedning yangi — old gʻildiragi katta turi paydo boʻlgan. Takomillashtirishlar natijasida old gʻildirak tobora kattalashib borgan. Oʻqqa biriktirilgan tepkining bir aylanishida velosiped uzoqroq masofani bosib oʻtgan. Baʼzi modellarda old gʻildirakning diametri 1,5 metr yoki undan ham koʻproq, orqa gʻildirak esa atigi 30 santimetrga yetgan. Haydovchi ulkan old gʻildirakning tepasida joylashgan va epchil boʻlmagan kishi uchun sayr vaqtida oldinga yiqilib tushish xavfi boʻlgan.
Nihoyat taxminan 1885-yilda hozirgi “xavfsiz velosiped” yaratilgan. Bu modelda gʻildiraklar bir xil oʻlchamda boʻlib, oʻrindiq orqa gʻildirakdan biroz oldinroqda joylashgan. Tepkilardagi zanjir chambaragi orqa gʻildirakdagiga qaraganda ancha katta boʻlib, bu tepki har aylanganida orqa gʻildirakning oldin yaratilgan xavfli, katta old gʻildirakli modellar bilan bir xil masofani bosib oʻtishini taʼminlagan.
Keyingi takomillashtirishlar velosipedni tamomila hozirgi holatiga olib keldi.
To‘g‘ri, bugungi kunda texnika olamidagi taraqqiyot sababli velosipeddan ko‘ra ancha tez va oson harakatlanadigan avtomobillar va turli mexanizmlar yaratilgan. Shunga qaramay, velosipedlar atrof-muhit, inson salomatligini yaxshilashda o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
U hatto kayfiyatimizga ham ta’sir o‘tkazadi desak ishonasizmi? Agar velosipedga tushkun kayfiyatda o‘tirsangiz, 15 daqiqadan so‘ng atrofga kulib boqayotganingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz. Buni sinab ko‘rishingiz mumkin!
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.