Avtomobilni kim ixtiro qilgan?
Zamonaviy avtomobillar rivojlanishi haqida nimalarni bilasiz? Avtomobil nima?
3 min
Tarix

Koʻpgina buyuk voqealardan farqli ravishda avtomobil ixtirochisi sharafiga hech kim daʼvo qila olmaydi. Bugungi mukammal darajaga oʻn yillab koʻp sonli gʻoyalarni birlashtirish orqali erishildi.

Dvigatelga ega quruqlikdagi birinchi transport vositasi 1769-yilda fransuz Nikola Kunyo tomonidan yasalgan. Bu bugʻ dvigateli, ulkan qozon va uch gʻildirakka ega ekipaj¹ edi. U soatiga 5 km tezlikda harakatlangan. Ammo har 24 kilometrda yonilgʻi zaxirasi toʻldirilishi kerak edi.

1789-yilda amerikalik Oliver Evans AQShda birinchi boʻlib oʻzi harakatlanadigan ekipaj uchun patent oldi. Bu quruqlikda ham, suvda ham harakatlanishi uchun orqasiga eshkak parrak oʻrnatilgan toʻrt gʻildirakli furgon edi. Uning vazni 19 tonna boʻlgan.

Qariyb 80 yil oʻtgach, oʻziyurar ekipajlar bilan bogʻliq ishlar davom ettirilgan. Ularning aksariyati bugʻda ishlar edi. Ammo baʼzilari elektr energiyasidan foydalanib, yoʻlovchilardan tashqari ogʻir akkumulyatorlarni² ham olib yurishi kerak edi. Nihoyat, XIX asrning 80-yillarida zamonaviy avtomobil paydo boʻlishiga yoʻl ochgan ikkita ixtiro amalga oshirilgan. Ulardan biri — ichki yonuv dvigatelining ishlab chiqilishi, ikkinchisi esa pnevmatik³ yoki kamerasiz shinaning (rezina qoplama) ixtirosi.

Benzin bilan ishlaydigan birinchi mashina 1887-yilda nemis ixtirochisi Gotlib Daymler tomonidan yoʻlga olib chiqilgan. Amerikada birinchi muvaffaqiyatli Amerika benzinli avtomobilini aka-uka Frank va Charlz Dyurilar 1892- yoki 1893-yilda yaratishgan. Ularning mashinasi “Otsiz kabriolet” nomi bilan tanilgan. Aslida keyin chiqarilgan ilk Amerika avtomobillarining barchasi undan koʻp jihatdan nusxa olishgan. Hech kim butunlay boshqa turdagi mashina ishlab chiqishga urinmagan. Boshqa ixtirochilar faqatgina ichki yonuv dvigateli va tortish kuchini orqa gʻildiraklarga uzatish uchun uzatma tasmasini qoʻshishgan.

Avtomobil ommabop transport vositasiga aylanganidan keyingina uni qulay va kuchli qilish masalasi avtomobil yaratuvchilarining eʼtiborini tortdi. Ular tezda kabrioletning⁴ kuchsiz shakli avtomobilga mos kelmasligini anglashdi. Asta-sekin bugungi kunda bizga tanish avtomobil qiyofasi paydo boʻla boshladi. Dvigatel oʻrindiqlar ostidan chiqarilib, old tomonga (baʼzi avtomobillarda esa orqaga) joylashtirildi. Yengil velosiped va ekipaj gʻildiraklari baquvvatlariga almashtirildi va dastaklar oʻrniga boshqaruv chambaragi (rul) paydo boʻldi. Nihoyat, tuzilmani mustahkamlash uchun yogʻoch oʻrniga poʻlat ishlatila boshlandi. Shu tariqa bizning zamonaviy mashinamiz haqiqatga aylandi.


[1] Ekipaj — odam tashuvchi yengil arava.
[2] Akkumulyator — elektr yoki issiqlik energiyasini keyinroq foydalanish uchun toʻplaydigan qurilma.
[3] Pnevmatik — siqilgan havo yordamida harakat qiladigan.
[4] Kabriolet — tomi ochilib-yopiladigan avtomobil turi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!