Samolyotni kim ixtiro qilgan?
Samolyot haqida ma'lumot, Samolyotni kim ixtiro qilgan?
2 min
Tarix

Baʼzida kashfiyot “gʻoya” paydo boʻlishi bilan boshlanadi. Kimdadir odamlarga qandaydir mexanizm yoki mahsulot kerak, degan fikr tugʻiladi. Keyin uni “ixtiro qilishni” boshlaydi.

Ammo samolyot yoki ilgari nomlanganidek “aeroplan”ga kelsak, bu gʻoya odamlarning eng qadimgi orzularidan biri boʻlgan. Uchish avvaldan odamni oʻziga jalb qilgan. Mashhur afsonalardan birida qanotlarni tanasiga mum¹ bilan mahkamlab uchgan Ikar haqida hikoya qilinadi. Biroq u Quyoshga yaqinlashganida mum erib, Ikar qulagan va halok boʻlgan, ammo parvoz qilish orzusi amalga oshgan. Ikar — bu yangi choʻqqilarga intilish ramzi.

Nafaqat buyuk rassom, balki ixtirochi Leonardo da Vinchi odamning mushak kuchidan foydalangan holda harakatga keladigan uchish apparati eskizlarini² qoldirgan. Yuz yillar oldin aeroplan gʻoyasi bilan yongan boshqa xayolparastlar ham boʻlgan.

Ilk uchish apparatlari quvvat manbaiga ega boʻlmagan. Ular, asosan, ulkan varrak yoki planyorlar³ edi. 19-asr davomida ular bilan koʻplab tajribalar oʻtkazilgan.

Hech kim havodan ogʻir va oʻz harakatlantirish quvvatiga ega apparatni yarata olmagan. Aslida bunday qurilmani yaratish mumkinmi, degan savol eng asosiy muammo edi. Buni amalga oshirish mumkinligini birinchi boʻlib AQShning Smitson instituti professori Samuel Lengli isbotladi. U eni 3,5 metr va uzunligi 4,5 metr boʻlgan ikkita uchish apparatini qurdi. Ular 1,5 ot kuchiga ega bugʻ dvigatellari bilan harakatga keltirilar edi. 1896-yilda ushbu ikkita model muvaffaqiyatli parvoz qildi, biroq haqiqiy Lengli uchish apparatining sinov parvozi muvaffaqiyatsiz tugadi: 1903-yil 7-oktabrda halokatga uchradi.

Oʻsha yil 17-dekabrda aka-uka Orvil va Uilbur Rayt havodan ogʻir va oʻz quvvat manbaiga ega uchish apparatida omadli parvoz qilishdi. Kitti Xokda (Shimoliy Karolina shtati) ular birinchi parvozda 12 soniyada 30 metrga, ikkinchisida esa 59 soniyada 260 metrga uchishdi. Shu tariqa aeroplan (samolyot) paydo boʻldi! ✈️


[1] Mum — asalari, oʻsimlik yoki hayvondan olinadigan saqichsimon modda.
[2] Eskiz — badiiy asar, inshoot, mexanizmning xomaki, qoralama nusxasi. 
[3] Planyor — motorsiz, qanotli, havodan ogʻir uchish apparati.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!