Suvosti kemasini kim yaratgan?
Suvosti kemasi haqida ma'lumot, Suvosti kemasini kim yaratgan?
2 min
Tarix

Suv ostida harakat qilish istagi odamzodda ancha vaqtlar oldin paydo boʻlgan. Shu maqsadda qurilgan kema haqidagi birinchi hujjatli dalil 1578-yilga oid. Britaniyalik matematik Uilyam Born shu yili chop etilgan kitobiga har tomoni yopiq va suv ostida harakatlana oladigan qayiq chizmasini kiritgan. U yogʻochdan yasalib, suv oʻtkazmaydigan teri bilan qoplanishi va qoʻl tutqichlari yordamida yon tomonlari siqilib, hajmini kamaytirish orqali suvga tushishi kerak edi.

Shunga qaramay, Born oʻz qayigʻini qurishga muvaffaq bo‘la olmagan. Boshqa ixtirochi tomonidan qurilgan shunga oʻxshash qayiq esa 1605-yilda suvga tushirilgan. Lekin haqiqiy birinchi suvosti kemasini qurish sharafi 1620-yilda Temza daryosida qayigʻini 3–4 metr chuqurlikda bir necha bor sinab koʻrgan daniyalik ixtirochi Kornelius Van Drebbelga nasib etgan.

Van Drebbel qayigʻida yogʻ surtilgan teri bilan qoplangan yogʻoch karkasdan iborat yana bir tashqi korpus boʻlgan. U yon tomonlaridan tashqariga chiqarilgan va charm klapanlar bilan germetik ravishda mahkamlangan eshkaklar yordamida harakatlangan.

Suvosti kemalarini qurishga qiziqish shunchalik ortib ketganki, natijada 1727-yilga kelib Angliyaning oʻzida kamida 14 xil loyiha patentlangan. Suvosti kemasi Amerika inqilobi davrida birinchi marta dengiz urushidagi jangovar qurol sifatida ishlatilgan. Devid Bushnell ismli kishi “toshbaqa” laqabini olgan oʻta kichik, bir oʻrindiqli suvosti kemasini ixtiro qilgan.

“Toshbaqa” Nyu-York portida turgan ingliz harbiy kemasining tagiga portlovchi moslamani biriktirib, uni choʻktirishga urinib koʻrgan. Biroq bu urinish muvaffaqiyatsiz tugagan: moslama ishlamagandan keyin tavakkal qilishni istamay, kema ochiq dengizga chiqib ketgan.

Aytgancha, Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” asarida Iskandar yer yuzini zabt etib bo‘lgach, suvostini o‘rganishni niyat qilib, sandiqqa o‘xshash bir shishada suvostiga tushishi haqida so‘z yuritiladi. Demak, Navoiy bobomiz yuqorida aytilgan olimlardan ham oldin suvosti kemasi haqidagi qarashlarga ega bo‘lgan ekan-da!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!