Yozuv mashinasini kim yaratgan?
Yozuv mashinasi qanday ishlaydi?
2 min
Tarix

Yozuv mashinasi zamonaviy ixtiro boʻlib, u hali ham takomillashib bormoqda. Ammo yozuv mashinasi uchun ilk patentni 1714-yilda ingliz ixtirochisi Genri Mill olganini bilarmidingiz? Afsuski, mazkur yozuv mashinasi ishlab chiqarilmagan.

Birinchi yozuv mashinalari koʻzi ojizlarga yordam berish vositasi sifatida patentlangan. Qoʻshma Shtatlarda yozuv mashinasi uchun birinchi patentni 1829-yilda Uilyam Bert olgan. U “koʻzi ojizlar uchun yozuv mashinasi” deb nomlangan va bugungi kunda ushbu turdagi mashinaning oʻxshashi topilmaydi.

1833-yilda fransuz Ksavye Progen har bir belgi uchun tugmacha va dastaklari boʻlgan mashinani ixtiro qilgan. Koʻrib turganingizdek, yozuv mashinasining rivojlanishiga koʻplab ixtirochilar oʻz hissasini qoʻshgan.

1843-yilda amerikalik Charlz Terber oʻqqa oʻrnatilgan mis gʻildirak atrofiga belgi tugmachalari joylashtirilgan mashinani patentlagan. U kerakli belgiga qadar qoʻl bilan aylantirilgan va boʻyoq bilan qoplangan litera (harf) qogʻozga urilgan. Biroq uning ish samarasi juda past boʻlgani sababli bu mashinadan amalda foydalanilmagan.

Keyingi qadam 1856-yilda tugmachalari aylana boʻylab joylashgan va zarba markazda, bir nuqtada beriladigan mashina paydo boʻlganda amalga oshirilgan. Ushbu tamoyil hozirgi zamonaviy mashinalarda ham qoʻllaniladi.

Amalda ishlatilishi va koʻp miqdorda ishlab chiqarilishi mumkin boʻlgan birinchi yozuv mashinasi uchta amerikalik ixtirochi — Kristofer Shoulz, Samyuel Soul va Karlos Gliddenlar tomonidan yaratilgan. 1873-yilda ushbu mashina sotish mumkin boʻlgan darajada takomillashtirilgan. Ushbu yozuv mashinasining zamonaviylari bilan o‘xshash  xususiyatlari ko‘p edi: atrofiga  qogʻoz qoʻyiladigan rezina rolik, boʻyoqli tasma, reversiv (oldinga va orqaga harakatlanadigan) tasma gʻaltaklari, harakatlanuvchi karetka. Vaqt oʻtishi bilan u yanada takomillashtirildi va bugungi kunda biz ixcham, shovqinsiz, elektrik yozuv mashinalariga egamiz. Lekin endi koʻpchilik xotiraga ega mashinalarni afzal koʻrmoqda.

Hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan, xilma-xil “aqlli” texnologiyalar ishlab chiqarilayotgan  davrda yozuv mashinalariga ehtiyoj qolmadi. Shunga qaramay, bugungi kunda ham matn yozishga odatlangan va kompyuterda emas, balki yozuv mashinkalarining zamonaviy analoglaridan foydalanishni xohlaydigan odamlar, asosan yozuvchilar talaygina. 

Ehtimol, siz yozuv mashinalarini bobo-buvilaringizning arxivida yoki muzeylarda ko‘rgandirsiz?

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!