Misrliklar mumiyolarni saqlashni qanday o‘rgangan?
Mumiyo nima? Mumiyo haqida ma'lumot
2 min
Tarix

Uzoq tarixga ega Misrdan topilgan mumiyolar haqida eshitgan yoki o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Bilganingizdek, mumiyo — saqlab qolishga muvaffaq boʻlingan oʻlik tana. Mumiyo arabcha soʻz boʻlib, “mum yoki qatron yordamida saqlangan tana” degan maʼnoni anglatadi. Xo‘sh, misrliklar nima maqsadda marhumning jasadini saqlab qolishni istagan?

Sababi shundaki, ular oʻlimdan keyingi hayotga ishongan va unga tayyorgarlik koʻrishni xohlagan. Inson yuzli qush sifatida tasavvur qilingan marhumning ruhi kunduzi erkin ucha olishi, ammo tunda yovuz ruhlarning jazosi tufayli qabrga qaytishi kerak deb hisoblangan. Ruh tanani tanib, kerakli qabrni topib olishi uchun ham u saqlab turilgan.

Miloddan avvalgi 3000-yilgacha misrliklar oʻliklarni cho‘lning issiq qumiga koʻmgan, bu qum esa jasadlarni saqlab qolgan. Keyinchalik nufuzli odamlar uchun toshdan qabrlar oʻyilgan. Ammo piramidalar va tosh qabrlar choʻl qumi kabi quruq emas edi. Shuning uchun jasadlarni qabrlarda saqlashning biron bir yangi usulini oʻylab topishga to‘g‘ri kelgan. Bu balzamlash sanʼatining paydo boʻlishiga sabab boʻlgan.

Oʻlgan odamning tanasidan miya, ovqat hazm qilish aʼzolari va oʻpka chiqarib olingan. Ular “kanopa” deb nomlangan toʻrtta idishda alohida saqlangan. Ularga ishlov berilgach, tanaga qayta joylashtirilgan.

Soʻngra tanaga quruq choʻl havosi bilan birgalikda namlikni soʻrib oladigan tuzlar kerak bo‘lgan. Suvsizlangan tana yuvilib, unga qaragʻay qatroni surtilgan va yuzlab metr kanop matoga oʻralgan. Bu ishlarni bajarishga 70 kun vaqt sarflangan.

Bu vaqt ichida duradgorlar mumiyo uchun quti yasagan. Marhum boy va nufuzli odam boʻlsa, bir-birining ichiga mohirona joylashtiriladigan bir nechta quti yasalgan. Rassomlar ularni yorqin boʻyoqlar bilan bezagan. Qabr devorlari bu odamning hayoti haqida hikoya qiluvchi surat va matnlar bilan bezatilgan. Qabrga u foydalanishni yaxshi koʻrgan barcha narsalar qoʻyilgan.

Misrliklar bu marosimni bajarib, odamni kelajakdagi hayotga tayyorlaganiga ishongan.

Bugungi kunda olimlarimiz mumiyolangan jasadlarni tadqiq qilib, ularning qiyofasi, ovozi qanday bo‘lgani va hatto necha yoshda, nima sababdan vafot etganini ham aniqlamoqda. Ming yillar oldin o‘lgan odamning taxminiy ovozini eshitish qiziq bo‘lsa kerak-a!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!