Irim-sirimlar qanday paydo bo‘lgan?
Irim-sirim nima? Irim-sirim haqida ma'lumot
3 min
Tarix

Irim-sirimlar sivilizatsiya paydo boʻlganidan beri, to hozirgi kungacha mavjud. Dunyo boʻylab millionlab odamlar haligacha ularga ergashib, ulardan umuman voz kechishni o‘ylamayapti.

Irim-sirimlar qanday paydo boʻlishini aniq tushuntirib berish deyarli imkonsiz. Balki buning sababi odamlarni sirliligi bilan qoʻrqitadigan ayrim tabiiy hodisalar yoki oldini olib, bartaraf etish istalgan voqealardir. Inson sodir boʻlayotgan hodisalar haqidagi biron-bir izohlarga ishonadi yoki oʻz xohishiga koʻra muayyan harakatlar bilan bu hodisalarni amalga oshirishga qodirman degan fikrga keladi. Irim-sirim bu — qoʻrquv tufayli kelib chiqadigan, aqlga zid boʻlgan va tajriba bilan tasdiqlanmaydigan eʼtiqod.

Masalan, asrlar davomida samoviy jismlar bilan bogʻliq irim-sirimlar odamlarni laqillatish va qoʻrqitish mavzusi boʻlgan. Sirli oʻzga sayyoraliklar — kometalar alohida qoʻrquvni keltirib chiqargan. Irimchi odamlarning fikriga koʻra, kometa — yaqinlashib kelayotgan urush yoki boshqa falokatning belgisi. 

Oy ham sir va jumboqlar ogʻushidadir. Aksariyat insonlar uzoq vaqt davomida oyga uzluksiz qarash aqldan ozdirishiga ishonadi. Aytgancha, “lunatik” soʻzi lotincha “luna” (oy) dan kelib chiqqan.

Qadimgi odamlar hayvonlarning xatti-harakatini tushuna olmagani sababli ular atrofida ham irim-sirimlarni o‘ylab topgan. Yoʻlingizni kesib oʻtgan qora mushuk muvaffaqiyatsizlik, boyqushning qichqirigʻi esa yaqinlashayotgan oʻlim belgisidir va hokazo…

Tabiiy kuchlarga qarshi doim kurash olib borishga to‘g‘ri keladigan dengizchilar ham irimlarga moyil boʻlgan. Masalan, shamol va boʻronlar xavf tugʻdiradi, shuning uchun ular bilan bogʻliq irimlar to‘qib chiqarilgan. Koʻp dengizchilar hushtak chalish shamol yoki boʻronni keltirishiga ishonadi. Hatto bugungi kungacha saqlanib qolgan “anʼana” — yangi kema suvga tushirilganda, uning burniga sharob shishasini urib sindirish ham eski irimga amal qilishning ifodasi. Chunki sharob dengiz maʼbudi Neptun uchun qurbonlik hisoblangan.

Odamlar raqamlar bilan juda koʻp aloqada boʻlgani sababli “baxtli” va “baxtsiz” raqamlar bilan bogʻliq irimlar ham ko‘plab topiladi.

Irimlar turli sabablarga koʻra paydo boʻlishi mumkin, ammo ularning barchasi johillik va qoʻrquvning natijasidir.

O‘ylaymizki, ushbu maqoladan so‘ng biror joyda sizga o‘n uch raqami to‘g‘ri kelib qolsa, kayfiyatingizni buzib yurmaysiz. Chunki endi siz sinaps.uz tufayli “baxtsiz” yoki “omadsiz” raqamlar bo‘lmasligini yaxshi bilasiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!