20.02.2024
Bolaligimizda sehr-jodu haqidagi ertaklarni ko‘p o‘qiganmiz. Ertaklarda sehrgarlarning imkonsiz bo‘lgan ishlarni bitta tayoqcha yordamida amalga oshirib qo‘ygani havasimizni keltirgan. Biroq insonlar hayotda bunday “mo‘jizalar” yaratishni qachon, qanday boshlagani haqida ko‘p narsa bilmaymiz.
Dastlabki qarashlarga ko‘ra, sehr-jodu “moʻjizalar”ni amalga oshiradigan sehr, afsun va gʻayritabiiy kuchlar bilan bogʻliq boʻlgan. Qadimgi davrlarda Misr, Gretsiya, Rim ruhoniy va shifokorlari odamlarni sehrli kuchga ega ekanligiga ishontirgan.
Ammo bugungi kunda sehr-jodu odamlar uchun oʻyin-kulgining bir turi ekanini yaxshi bilamiz. Sehrgarlar qoʻl chaqqonligi yoki ayrim mexanik asboblardan foydalangan holda tomoshabinlarni laqillatib, ularni imkonsiz ishni bajarganiga ishontiradi. Biz tomoshabinlar “sehr” ortida qandaydir hiyla-nayrang borligini tushunib turamiz-u, lekin bunday aldanish bizga yoqadi. Chunki buni oʻyin qoidalarining biri kabi qabul qilamiz.
Qadimda har bir qirol saroyi oʻz sehrgarlariga ega boʻlgan yoki ular oʻyin-kulgi uchun taklif qilingan. Mahorati kamroq sehrgarlar esa bozor maydonlarida oʻtkinchi xaloyiq uchun chiqishlar qilgan. Ularning tryuklari juda sodda boʻlib, barcha kerakli rekvizitlarni choʻntagida olib yurishgan. Aytgancha, sehrgarlik haqidagi birinchi kitob 1584-yilda yozilgan, biroq sehrgarlar oʻzining hiyla-nayranglarini bundan ancha oldin boshlagan.
Oʻrta asrlarda sehrgarlar shaharlar va hatto mamlakatlar boʻylab muntazam sayohat qilishni boshlagan, (hozir bu gastrol deb atalgan boʻlardi) odamlar esa ularning kelishini kutgan. Vaqt oʻtishi bilan ular kattaroq tomoshalarni taqdim etib, koʻproq jihozlardan foydalangan. Shuning uchun ular endi vagonlarda sayohat qilishga o‘tishgan va tomoshalar maxsus ijaraga olingan zallarda namoyish etila boshlangan.
XIX asrning boshlarida sehrgarlik asta-sekin bugungi kunda bizga maʼlum boʻlgan koʻrinishga kela boshlagan. Chiroyli maskarad liboslar oʻrnini frak, katta hajmli uskunalar yordamidagi fokuslar oʻrnini esa sehrgar qoʻlining epchilligiga asoslangan tryuklar egallagan.
Hozirgi zamonaviy sehrgarlikning “otasi” fransuz sehrgari Rober Goden hisoblanadi. U jihozlarini shu qadar takomillashtirganki, tryuklarida oddiy va hammaga tanish buyumlardan foydalanishi mumkin boʻlgan. Fokuslarni taqdim etish shaklining juda muhimligini hisobga olgan holda, u bunga koʻp vaqt va bilim sarflagan.
Vaqt oʻtishi bilan “illyuzion” deb nomlangan sehrli tryuklarning yana bir shakli paydo boʻldi. Ularning maqsadi, tomoshabinlar koʻz oʻngida odamlar goʻyo havoda uchayotgani yoki gʻoyib boʻlayotgani, ayol teng yarmidan ikkiga “arralanayotgani” va hokazolarni yaratishdir. Sehrgarlikning bu oʻzgacha turi barcha davrlarining eng buyuk sehrgarlaridan biri Kardini tomonidan yaratilgan. U toʻsatdan “yoʻq joydan” paydo boʻladigan va qayoqqadir gʻoyib boʻladigan yonib turgan trubka va sigaretalar, oʻyin qartalari bilan bogʻliq bir qator tryuklar muallifi va bularning hammasi maxsus jihozlarsiz amalga oshirilgan.
Siz ham sehrli tayoqchangizning bo‘lishi, sehr yordamida nimalarnidir paydo qilib qo‘yish yoki ko‘z ochib yumguncha dunyoning boshqa nuqtasida bo‘lib qolish haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.