Varrakni kim birinchi uchirgan?
Varrak haqida ma'lumot, Varrakni kim birinchi uchirgan?
3 min
Tarix

Ko‘klam kelishi bilan deyarli hamma bolalar varrak uchirishga oshiqadi. Bugungi kunda varraklarning yuzlab turini uchratish mumkin. Ammo varrak uchirish qachondan boshlangani, ilk bor kim varrak uchirgani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Varraklarning tarixi shunchalik uzoqki, bugungi kunda hech kim birinchi varrakning muallifi yoki hech boʻlmaganda u yashagan mamlakatni ham ayta olmaydi. Baʼzilarning taʼkidlashicha, bu miloddan avvalgi IV asrda yashagan Arkitas ismli yunon kishisi boʻlgan. Lekin Sharq mamlakatlarida varraklarni unga qadar uchira boshlangani ehtimoli yuqoriroq.

Xitoyda varraklar koʻplab bayramlarning muhim qismi boʻlib kelgan. Xitoy taqvimiga koʻra, toʻqqizinchi oyning toʻqqizinchi kunida umumxalq “Yuksak parvoz” bayrami nishonlanadi. Bu kunda turli shakl va oʻlchamdagi varraklar bilan toʻla osmon rang-barang koʻrinish oladi. Ulardan baʼzilari baliq, qurbaqa va qushlar shaklida boʻladi. Bu bayramda nafaqat bolalar, koʻpchilik kattalar ham ishtirok etadi. Hatto “varraklar jangi” ham oʻtkaziladi. Unda varraklarga shisha boʻlaklari yopishtiriladi va bu esa boshqa varraklarning ipini kesish uchun ishlatiladi.

Gʻarb mamlakatlarida varraklardan jiddiy maqsadlarda foydalanilgan. 1752-yilda Benjamin Franklin chaqmoq va elektr bir narsa ekanini isbotlash uchun momaqaldiroq vaqti ipakdan yasalgan varrakni uchirgan. Franklinga qadar esa bulutlar haroratini oʻrganish uchun varraklarga termometrlar mahkamlanib uchirilgan.

XIX asrning oxiriga kelib varraklar koʻpchilik ob-havo stansiyalari tomonidan ishlatila boshlangan. Ular havo harorati va namligini, shamol tezligini qayd etish uchun moʻljallangan asboblar bilan jihozlangan. Bu varraklarning baʼzilari olti kilometrdan yuqori balandlikka uchirilgan. Bunday balandlikka erishish uchun bir emas, balki bir-biriga bogʻlangan bir nechta varraklardan foydalanilgan. Varrakning ipi juda ingichka simdan yasalgan va shu qadar yengil boʻlganki, 1,6 km uzunlikdagi simning ogʻirligi atigi 7 kg va 110 kg yukni uzilmasdan koʻtarish uchun yetarlicha pishiq boʻlgan.

Aeroplan ixtiro qilinishidan oldin varraklar kuchli shamol tufayli aerostatlar favqulodda qoʻngan vaqtlarda harbiy maqsadlarda ham ishlatilgan. Masalan, bunday varraklardan birining uzunligi 11 metrga yetgan va odamni 30 metr yuqoriga koʻtara olgan.

Varraklarning aksariyati bizga tanish uchburchak shaklga ega boʻlsa-da, eng kuchli varraklar yuqori va pastki tomonlari toʻliq, yon tomonlari esa qisman yopilgan quti shaklida boʻlgan. Kapalak, kema yoki qush shaklida varrak yasash uchun oddiy varraklarga qaraganda koʻproq tayoqchalardan foydalanilib, ular orasidagi iplarni tortib, kerakli kontur shakllantiriladi.

Bu qiziq!

Har yili 14-yanvarda Hindistonda “Xalqaro varraklar festivali” o‘tkaziladi. Ahmadobod shahrida esa varraklar muzeyi ham barpo etilgan. Nima deb o‘ylaysiz, bu muzeyda varraklarning qanday turi bor ekan?

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!