Birinchi musiqa asbobi qaysi?
Birinchi musiqa asbobi qaysi?
2 min
Tarix

Bu haqida afsona bor, lekin bu fantaziyadan boshqa narsa emas. Yunon mifologiyasiga¹ koʻra, birinchi musiqa asbobi — cho‘pon qamishsurnayi Pan xudosi tomonidan yaratilgan. Bir kuni u qirgʻoqda qamishni puflagan va poya ichidan oʻtayotgan nafasi qaygʻuli nola bo‘lib eshitilgan. Poya turli qismlarga boʻlinib, bir-biriga bogʻlangan va shu tarzda birinchi musiqa asbobi yaratilgan.

Biz birinchi musiqa asbobi qaysiligini aniq ayta olmaymiz, chunki dunyodagi barcha ibtidoiy odamlar u yoki bu musiqani yaratgan, deyiladi. Bu, odatda, qandaydir diniy ahamiyatga ega musiqa boʻlgan va tomoshabinlar tomonidan hosil qilingan. Ular raqsga tushib nimanidir taqillatgan, qarsak chalib birgalikda qoʻshiq aytgan. Ushbu sodda musiqa odamlar hayotining muhim va zavqli qismiga aylangan.

Odam turli xil musiqa asbobi yasashni qanday oʻylab topgani haqida taxmin qilishimizga Pan va qamish afsonasi imkon beradi. Ehtimol, odamlar musiqani yaratish uchun tabiat tovushlariga taqlid qilgan yoki atrofdagi narsalardan foydalangan.

Birinchi musiqa asboblari urib chalinadigan (barabanga oʻxshash) boʻlgan. Keyinchalik odam hayvon shoxlaridan puflab chalinadigan asboblar ixtiro qilgan. Shu kabi sodda puflab chalinadigan asboblar misdan yasalgan zamonaviy holga kelgunicha takomillashgan. Insonda musiqiy tuygʻu rivojlangani sari qamishdan foydalanish boshlangan. Shu tariqa yanada tabiiy va nafis tovushlar hosil bo‘lgan.

Nihoyat odam kamonli asboblar paydo boʻlishiga sabab bo‘lgan oddiy lira² hamda arfa³ ixtiro qilgan.

Oʻrta asrlarda salibchilar yurishlardan koʻplab ajoyib sharqona musiqa asboblari olib kelishgan. Ular oʻsha paytda Yevropadagi xalq musiqa asboblari bilan birlashgan. Natijada hozirgacha ishlatiladigan yangi turdagi asboblar paydo boʻlgan.


[1] Mifologiya — afsona, mif haqidagi fan.
[2] Lira — torli, chertib chalinadigan qadimgi yunon cholg‘u asbobi.
[3] Arfa — ko‘p torli uchburchak musiqa asbobi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!