20.02.2024
Fortepiano organdan keyin turuvchi eng murakkab musiqa asbobi ekanini bilarmidingiz? Fortepiano yoki ilgari aytilganidek — pianoforte tom maʼnoda “past ovoz — baland ovoz” deb tarjima qilinishi mumkin. Bu fortepiano taratishi mumkin boʻlgan tovushlarning boy gammasini bildiradi.
Shunga qaramay, juda murakkab bo‘lgan bu asbob eng oddiy monoxord — musiqiy intervallar tushirilgan bir torli qutidan kelib chiqqan. Bunday tovush qutilari Tavrot davridagi simbal va psalterionlarda ham boʻlgan. Unda cholgʻuchi barmoqlarini intervallar boʻylab harakatlantirib, torlarni chertgan.
Taxminan milodiy 1000-yilda Gvido dʻArets monoxord uchun koʻchma taglikni ixtiro qilib, tugma (klavish) va torlar sonini koʻpaytirgan. Asbob XVI asrga qadar ushbu shaklda keng qoʻllangan.
Monoxordni takomillashtirish natijasida hosil boʻlgan eng jozibali asboblardan biri klavikorddir. Unda misdan yasalgan qism — kolok paydo boʻlgan. Uning bosimi torlar tebranishini keltirib chiqargan va natijada asbobning ovozi musiqachining istagiga koʻra kuchaytirilishi yoki zaiflashtirilishi mumkin boʻlgan.
Klavikordga eng yaqin boʻlgan spinet toʻrt oktavadan iborat, choʻzinchoq shakldagi asbob boʻlib, undan ham sado torlarni chertish orqali olingan.
XVII asr oʻrtalariga kelib klavesin mashhur boʻlgan. Ushbu asbob klavikorddan ham, spinetdan ham kattaroq boʻlib, odatda, ikkita klaviaturaga ega boʻlgan. Shakliga koʻra katta fortepianoga oʻxshaydi. Tovush mayda patlar yordamida uning torlaridan chiqariladi.
Nihoyat 1709-yilda Bartolomeo Xristofori bolgʻachalar tizimini ixtiro qildi va uni klavesin asosidagi yangi asbob — fortepianoni yaratish uchun qoʻlladi. Bolgʻachalardan foydalanish, odatda, soddaroq asboblardagi tovushni buzuvchi gʻichirlagan ovozni butunlay yoʻq qilish imkonini berdi. Fortepianoni ommaviy foydalanishga kiritgan birinchi bastakor Betxoven bo‘lgan.
Yurtimizda fortepiano ijrochilik san’ati rivojiga hissa qo‘shgan cholg‘uchilardan kimlarni bilasiz?
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.