20.02.2024
Raqs insoniyatning dastlabki kunidan buyon u yoki bu shaklda mavjud boʻlgan. Ibtidoiy odamlar oʻz raqslarida hayvon va tabiat kuchlarini tasvirlagan, diniy raqslar esa bashariyat tarixining ilk sahifalaridan boshlab uning bir qismi boʻlib kelgan.
Kundalik raqslar esa butunlay boshqa narsa. Bu — maksimal darajada zavq olish uchun bajariladigan mashgʻulot. Ajablanarlisi shundaki, bunday raqs ham uzoq tarixga ega. Hatto qadimgi yunonlar ham oʻyin-kulgi qilib, raqsga tushgan. Aristotel raqslarni foydali deb hisoblagan, chunki ular odamlar xulq-atvorining oʻziga xos xususiyatini gavdalantirgan. Gomer ham kundalik raqslarni yuqori baholagan.
Biroq atoqli rim notigʻi Sitseron raqs haqida shunday fikr bildirgan: “Aqli raso odam aqlini yoʻqotmagan boʻlsa, na yolgʻiz oʻzi, na jamiyat ichida raqsga tushadi, chunki raqs axloqsizlik, buzuqlik va shahvatning hamrohidir”. U rok-n-roll haqida nima deyishini bir tasavvur qiling-a!
Raqs yunon bazm va bayramlarining ajralmas qismi boʻlgan. Buyuk Suqrot va Aflotun ularning tarafdori boʻlgan va bu raqsning qadimgi Ellada hayotiga naqadar chuqur kirib borganini koʻrsatadi.
Raqs ijtimoiy sanʼat sifatida Misrda 4000 yildan koʻproq vaqt oldin maʼlum boʻlgan. Ziyofatlarda raqs bilan mehmonlarning vaqtini chogʻ qilish odat tusiga kirgan. Garchi Hindistonda koʻplab raqslar diniy mazmunga ega boʻlsa-da, oʻyin-kulgi shakli sifatida ham keng tarqalgan. Kundalik raqslar qadim zamonlardan beri mavjud boʻlgan yana bir mamlakat — Ispaniya. Bu yerdagi koʻplab raqs harakatlari arab davlatlaridan kirib kelgan boʻlishi mumkin.
Bugungi kunda biz bilgan raqsning sanʼati sifatida haqiqatan ham rivojlana boshlagan mamlakat Fransiyadir. Koʻp raqslarning tarixini boshqa mamlakatlarda ham kuzatish mumkin boʻlsa-da, ular Fransiyada mukammallikka yetkazilgan. Bunda raqs sanʼatini jonidan ortiq koʻrgan Yekaterina Medichining tutgan oʻrni beqiyosdir. Raqslarga boʻlgan muhabbat Versaldan xususiy uylarga ham tez tarqalgan.
Lyudovik XIV davrida aristokratik raqs sanʼati katta choʻqqilarni zabt etgan. Ajoyib balet spektakllari uyushtirilgan va oʻsha davrning eng yaxshi bastakorlari saroy raqsi uchun musiqalar yaratgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.