20.02.2024
Amerika Qoʻshma Shtatlarida qaysi oʻyin turi boshqalarga qaraganda koʻproq tomoshabinga ega ekanini taxmin qilib koʻring-chi? Bu basketbol ekanini bilgach hayratlansangiz kerak-a!
Basketbol “xalqaro oʻyin” deb ham ataladi, chunki u har bir mamlakatda oʻynaladi. Biroq basketbol boshqa oʻyinlardan farqli oʻlaroq, asrlar davomida asta-sekin rivojlanmagan. Uni 1891-yilda bir kishi, kelib chiqishi kanadalik boʻlgan Jeyms Neysmit yaratgan.
Neysmitda Massachusets shtatidagi Springfild sport maktabi talabalarini biron-bir yangi oʻyin bilan qiziqtirish istagi boʻlgan. U bino ichida oʻynash mumkin boʻlishi uchun hindlarning xokkeyga oʻxshash lakross oʻyinini Britaniya futboli bilan birlashtirgan.
Neysmit oʻylab topgan oʻyinda lakrossdagi kabi tayoqni ishlatish yoki futbolda boʻlgani kabi toʻpni tepish mumkin emas edi. Bu yerda toʻpni oʻyinchidan oʻyinchiga uzatish, uni boshqarish yoki nishonga tashlash faqat qoʻllar bilan bajariladi. Dastlab nishon sifatida osilgan toʻqima savat ishlatilgani tufayli Neysmit oʻyinni “basketbol” (inglizchada “basket” soʻzi “savat” degan maʼnoni anglatadi) deb atagan.
Boshqa oʻyinlarda boʻlgani kabi basketbolda ham oʻyinchining oʻrni uning oʻziga xos qobiliyati bilan belgilanadi. Aniq otishlar bilan ochko toʻplashda yaxshi natijalarga erishganlar raqib halqasiga hujum qilishi uchun qoʻyiladi.
Aksariyat hollarda juda baland boʻylilar markaz oʻyinchisi boʻladi. Chunki to‘pni dastlabki uloqtirish paytida jamoadoshiga uzatishi kerak. Shuningdek, uning boʻyi jamoaga “qalqon nazorati”ni berishi kerak, yaʼni noaniq uloqtirishdan keyin halqa yoki qalqondan qaytgan toʻpni koʻrish maydonida ushlab turishi lozim.
Himoyachilar raqib hujumchilarining ochko olishiga har tomonlama toʻsqinlik qilishiga to‘g‘ri keladi, shuning uchun ham ular epchil, ayyor boʻlishi va shu bilan birga, oʻz jamoalarining hujumida ishtirok etishga ulgurishi kerak.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.